|
|
Soxta “attor”lar
20.03.2010 15:50
Ma’lumki, tashqi go’zallik, pardoz-andoz uchun xizmat qiluvchi parfyumeriya va kosmetika vositalarining tarkibida kimyoviy moddalar juda katta miqdorni tashkil qiladi. Kosmetika sanoatida ishlatiladigan 160 ga yaqin kimyoviy moddalarning 95 foizi neftdan olingan holda, ularda salomatlik uchun zararli xususiyatlar mavjudligi olimlar tomonidan isbotlangan. Tasavvur qiling, asl kosmetika mahsulotlarida salomatlik uchun shuncha xavf bor ekan, ularning qalbaki, kontrafakt nusxalari yanada jiddiy tahdid ekanligini anglash qiyin emas.
Ma’lumki, tashqi go’zallik, pardoz-andoz uchun xizmat qiluvchi parfyumeriya va kosmetika vositalarining tarkibida kimyoviy moddalar juda katta miqdorni tashkil qiladi. Kosmetika sanoatida ishlatiladigan 160 ga yaqin kimyoviy moddalarning 95 foizi neftdan olingan holda, ularda salomatlik uchun zararli xususiyatlar mavjudligi olimlar tomonidan isbotlangan. Tasavvur qiling, asl kosmetika mahsulotlarida salomatlik uchun shuncha xavf bor ekan, ularning qalbaki, kontrafakt nusxalari yanada jiddiy tahdid ekanligini anglash qiyin emas.
Dunyo mamlakatlarida kechayotgan moliyaviy inqiroz sharoitida har qanday mahsulotning haqiqiysiga nisbatan arzon hisoblanuvchi qalbakilarini tayyorlash biroz avj oldi. Jumladan, parfyumeriya sanoati ham kontrafakt mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar uchun eng mo’may daromad manbaiga aylanib ulgurdi. Respublikamiz bojxonachilari tomonidan sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari bo’lmagan parfyumeriya va kosmetika mahsulotlarining olib o’tilishiga qarshi chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.
Respublikamiz bojxonachilari va boshqa huquqni muhofaza etuvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda Toshkent tumanining chegaradosh hududidagi fuqaro R.Nurillaevaga tegishli xonadon qonunchilikda belgilangan tartibda ko’zdan kechirilganda, bu yerda 2 xil turdagi kontrafakt parfyumeriya mollarining yirik turkumi yashirin ravishda saqlanayotganligi ma’lum bo’ldi. Ammo, uy egasi bu mollarning o’z xonadonida qanday qilib paydo bo’lib qolganini go’yoki bilmas emish.
Qiymati salkam 10 mln. so’mlik kontrafakt ya’ni dunyoning yetakkchi mashhur firma brendlarini o’ziga niqob qilgan holda Xitoyda ishlab chiqarilgan mazkur 2.5 ming dona tovarlar yurtimizga qo’shni davlatdan muqaddam kichik-kichik turkumlarda noqonuniy ravishda olib kirilgan ekan. Achinarlisi, sifati kafolatlanmagan mazkur kontrafakt parfyumeriya va kosmetika vositalarining kimyoviy tarkibi nisbatan ko’proq kantserogen va neyrotoksik xususiyatlarga ega bo’lib, undan foydalangan ayollarda turli o’simtalar, asab tizimi kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin edi.
Toshkent aeroportida ham pardoz-andoz vositalarini noqonuniy ravishda olib kirishga bo’lgan urinishning oldi olindi. “Sharja-Toshkent” yo’nalishida parvozini yakunlagan fuqaro Miraziz Yunusov 190 dona turli parfyumeriya vositalarini yashirincha olib o’taman deb adashgan edi. Bojxona bayonnomasida qayd etilmagan va og’zaki so’rov paytida ma’lum qilinmagan ushbu qiymati salkam 5 mln. so’mlik tovarlarni qonunbuzar go’yoki sovg’a sifatida olib kelayotganligini vaj qilib ko’rsatadi. Ammo, uning bu maqsadi tegishli tartiblarga rioya qilmaslik, ularni buzish huquqini bermaydi!
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.
Raqamlarga murojaat qilsak, o’tgan 2009 yilda respublikamiz bojxonachilari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda olib borilgan chora-tadbirlar natijasida aniqlangan 862 ta qonunbuzarlik holatida qiymati 1.5 mlrd. so’mdan ziyod turli parfyumeriya va kosmetika vositalarining noqonuniy olib o’tilishiga chek qo’yilgan.
|
|