|
|
Sotkangiz “original”mi?
06.03.2010 09:36
Do’stlar bilan uyali telefonlar haqidagi suhbatlarimiz ko’pincha ayni shu savol bilan boshlanadi. Sir emaski, mashhur brendlar ostida bugun dunyoning ko’plab mamlakatlarida noqonuniy ravishda mobil telefonlar ishlab chiqariladi. Oqibatda, telefonlarning haqiqiy yoki qalbakisini farqlay olmagan xaridorlar esa sifatsiz aloqadan asabiylashishga majbur bo’lishadi.
Respublikamiz bojxonachilari tomonidan sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari bo’lmagan uyali telefonlarning noqonuniy olib o’tilishiga qarshi chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Navoiy viloyati bojxonachilari fuqaro O.Temirovning noqonuniy hatti-xarakatlariga nuqta qo’yishdi. Qonunbuzarning qiymati 12 mln. so’mlik 12 turdagi 13 dona uyali telefonlari, shuningdek, 25 dona Flash Card va boshqa vositalarining bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi bironta ham hujjatlari yo’q ekan. Viloyat bojxonachilari yana bir “tadbirkor” Sh.Beknazarovni qiymati 5 turdagi 14 dona uyali telefonlarni noqonuniy ravishda sotayotgan paytda to’xtatib qolishdi. Chunki, qiymati 1.1 mln. so’mlik ushbu tovarlarning sifati kafolatlanmagan hamda tegishli hujjatlari yo’q ekan.
Dubaydan qaytgan fuqaro M.Mustafaev Toshkent aeroportida biroz “ushlanib” qoldi. Sababi u 19 dona uyali telefonlar va 125 dona USB Flash Card larni yashirincha olib o’taman deb adashgan edi. Qonunbuzar qiymati salkam 4.6 mln. so’mlik ushbu mahsulotlar haqida na bojxona bayonnomasida, na og’zaki so’rov paytida ma’lum qilishni “unutib” qo’yibdi.
Surxondaryolik bojxonachilar tomonidan “Neksiya” rusumli avtomobil bojxona nazoratidan o’tkazilganda, unda termizlik N.Jumaev tomonidan 23 dona uyali telefonlar yashirincha olib ketilayotganligi aniqlandi. Qonunbuzar “Nokia”, “Simens”, “Samsung”, “Motorolla” kabi mashhur markadagi ushbu telefonlarning bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi bironta ham hujjatini taqdim qila olmadi.
Qashqadaryo viloyatida esa “Mersedets-Bents” avtobusi bojxona nazoratidan o’tkazilganda, 25 dona uyali telefonlarning yashirincha olib ketilayotganligi fosh etildi. Tegishli hujjatlari bo’lmagan va sifati kafolatlanmagan, qiymati 1.2 mln. so’mlik ushbu aloqa vositalari fuqaro R.Sultonovga tegishli ekan.
Andijonlik bojxonachilar ham 2 ta holatda qiymati 18 mln. so’mdan oshiq uyali aloqa vositalarining yurtimizga noqonuniy olib kirilishiga nuqta qo’yishdi. Xo’jaobod tumanining chegaradosh hududida fuqaro A.Ibragimova Xitoyda ishlab chiqarilgan 30 dona “Nokia” telefonlarini yashirincha olib kirishga uringan paytda fosh etildi. Shuningdek, viloyat bojxonachilari fuqaro D.Mirzamo’ydinovani yirik miqdorda ya’ni 143 dona “Nokia” va ”Samsung” rusumli uyali telefonlarni hech qanday hujjatlarsiz yurtimizga noqonuniy olib kirishga uringan paytda to’xtatib qolishdi.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.
|
|