Davlat bojxona qo’mitasi xodimlari tilla va zargarlik buyumlarining yurtimiz sarhadlari orqali noqonuniy olib o’tilishining oldini olish borasida qator chora tadbirlarni amalga oshirishmoqda. Natijada respublikamiz bojxonachilari tomonidan joriy yilning o’tgan davri mobaynida aniqlangan 65 ta holatda 900 mln. so’mlik 12.7 kg. tilla va zargarlik buyumlari kontrabandasiga chek qo'yildi.
Yaqinda Namangan viloyati bojxonachilari huquqni muhofaza etuvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda 1.7 kg zargarlik buyumlari kontrabandasiga chek qo’yishdi.
Qamchiq dovonida “Neksiya” avtomashinasi to’xtatilib tekshirilganda, unda buxorolik S.Xalilova tomonidan 250 gramm og’irlikdagi tilla buyumlar yashirin ravishda olib ketilayotganligi fosh etildi. Ma’lum bo’lishicha, 21 turdagi ushbu 25 dona zargarlik buyumlarining umumiy qiymati 8 mln. so’mni tashkil qilar ekan.
Qonunbuzarning hamrohi fuqaro F.Jo’raeva ham sherigidan qolishmadi. 39 turdagi 111 dona tilla buyumlarining bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlarini taqdim qila olmagan bu ayol bojxonachilar oldida yer chizib qoldi. Qiymati 7 mln. so’mlik mazkur buyumlarning umumiy og’irligi 300 gr.ni tashkil qildi.
Namanganlik A.To’xtaboev ham ayollar taqinchoqlariga “ishqiboz” ko’rinadi. Unga tegishli “Neksiya” avtomobili ko’zdan kechirilganda, unda 1150 gr. tilla taqinchoqlar yashirin ravishda olib ketilayotganligi ma’lum bo’ldi. Qiymati 10 mln. so’mdan oshiq mazkur 8 turdagi 378 dona zargarlik buyumlari yurtimizga muqaddam aylanma yo’llar orqali mayda-mayda turkumlarda olib kirilgan ekan.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.