![]() |
Davlat Madhiyasi | 6 sentabr 2010 | Ðóññêèé | Bosh sahifa | Manzilimiz |
|
O`zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasi
|
|
Matbuot xizmati
Qonunni bilgan emas, buzgan pand yeydi!
25.06.2010 11:10
Mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarning eng muhim tarkibiy
qismi hisoblanuvchi valyuta islohotlari ham izchil amalga oshirib kelinmoqda. Ayni
paytda Respublikamizda jismoniy shaxslar tomonidan naqd xorijiy valyutani olib kirish
va olib chiqish tartiblarini belgilovchi barcha huquqiy asoslar ishlab chiqilgan.
Jumladan, “Valyutani tartibga solish to’g’risida”gi O’zbekiston
Respublikasining Qonuni hamda O’zbekiston
Respublikasi Prezidentining 1998 yil
20 martdagi “Jismoniy shaxslarning naqd xorijiy valyutani olib kelishi va olib chiqib
ketishini tartibga solish chora-tadbirlarito’g’risida"gi PF-1979-sonli Farmoni shular sirasidandir.
Amaldagi tartiblarga muvofiq,
respublikamizda rezidentlarga 2000 AQSh dollari ekvivalentidagi naqd xorijiy valyutani
bojxona bayonnomasida yozma qayd etish sharti bilan erkin olib chiqib ketishlariga
ruxsat etiladi.
2000 AQSh dollaridan ortiqcha miqdordagi valyutani olib chiqib ketish uchun esa O’zbekiston Respublikasining Markaziy banki yoki vakolatli banklarning ruxsatnomasi talab etiladi. Norezidentlar esa bojxonaga taqdim etilgan deklaratsiyaga muvofiq respublikamizga kirishda keltirilgan valyuta miqdorida olib chiqib ketishlari mumkin. Mazkur tartiblar yuqoridagi sanab o’tilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlarning ijrosini ta’minlash maqsadida Davlat bojxona qo’mitasi va Markaziy bank bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan va Adliya vazirligi tomonidan 1999 yil 7 mayda 716-raqam bilan ro’yxatga olingan Yo’riqnoma asosida amalga oshiriladi. Ammo, joriy etilgan amaldagi tartiblarga qaramay, naqd horijiy valyutalarni yashirincha olib chiqishga urinishlar ham uchrab turibdi. Toshkent viloyatidagi “S.Nadjimov” bojxona posti xodimlari tomonidan ham yirik miqdordagi naqd horijiy valyutaning noqonuniy ravishda olib chiqilishiga chek qo’yildi. Gap shundaki, qibraylik N.Koshbaev belbog’iga yashirgan 7400 AQSh dollarini bojxona bayonnomasida ham, og’zaki so’rov paytida ham ma’lum qilmasdan turib, qo’shni davlatga olib o’taman deb adashgan edi. Qing’ir qilmishi oshkor bo’lgan qonunbuzar bojxonachilar oldida yer chizishdan narisiga o’ta olmadi. Shuningdek, mazkur viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari buxorolik F.Merganbaevani 2900 AQSh dollarini yashirincha olib chiqishga uringan paytda to’xtatib qolishdi. Qarang-ki, bu ayol ichki cho’ntagiga yashirib qo’yilgan ushbu pul haqida na bojxonachilarning og’zaki so’rovida va na bayonnomada qayd etishni “unutib” qo’yibdi. Sankt-Peterburgga otlangan chet el fuqarosi O.Shabanovaning “parvozi”i esa biroz kechikdi. Bunga esa sababchi o’zi! Chunki, u Toshkent aeroportida 2900 AQSh dollarini yashirincha olib chiqishga uringan paytda to’xtatib qolindi. “Cho’kayotgan odam xasga yopishadi” deganlaridek, qonunbuzar bojxonachilarga O’zbekiston Respublikasi bojxona qonunchiligini yaxshi bilmasligini ro’kach qildi. Ammo, endi bu bahona uni javobgarlikdan ozod qila olmaydi. Ma’lumki, respublikamizda naqd horijiy valyuta muomalasining amaldagi tartibini takomillashtirish va tashqi aloqalarni rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratish maqsadida 1998 yil 1 apreldan boshlab jismoniy shaxslar belgilangan tartibda bojxona deklaratsiyalarini to’ldirish sharti bilan naqd xorijiy valyutalarni respublikaga erkin olib kelishiga ruxsat etilgan. Naqd xorijiy valyutalarni bojxona deklaratsiyasida ko’rsatmasdan O’zbekiston Respublikasiga olib kirilishi va chetga olib chiqilishi bilan bog’liq harakatlar asosan Jinoyat Kodeksining 182-moddasi va Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeksning 22722-moddasi (tovarlarni deklaratsiyalamaslik yoki noto’g’ri deklaratsiyalash) 1-qismi bilan javobgarlikka tortishga asos bo’ladi. Afsuski, bojxona chegarasidan o’tayotgan ayrim rezidentlar va norezidentlar naqd xorijiy valyutalarni respublika hududiga olib kirilishi bilan bog’liq ushbu qonunchilik talablarini o’z vaqtida yetarlicha tushunib olmaganliklari bois qonunbuzilishlariga yo’l qo’yishmoqda. Bu esa ularning javobgarlikka tortilishiga va pul mablag’larining davlat foydasiga musodara qilinishiga olib kelishi muqarrardir. Masalan, Surxondaryo viloyati “Sariosiyo” bojxona kompleksida fuqarolarni bojxona nazoratidan o’tkazish jarayonida samarqandlik D.Shokirova 5360 AQSh dollarini kiyimlari orasiga yashirib, xufyona olib o’tishga uringan paytda fosh etildi. Vaholangki, u bu pullarni bojxona bayonnomasida ko’rsatib, bemalol olib kirish huquqiga ega edi! Ta’kidlash joizki, o’tgan 2009 yilda respublikamiz bojxonachilari tomonidan aniqlagan salkam 6300 ta qonunbuzarlik holatlarida 5,2 mlrd. so’m ekvivalentdagi naqd horijiy valyutalarning noqonuniy olib o’tilishiga chek qo’yilgan. 2010 yilning o’tgan davri mobaynida (14 iyunga qadar) esa bu ko’rsatkich 1800 dan oshiq qonunbuzarlik holatlarida 1,6 mlrd so’mdan oshgan. Jismoniy shaxslar tomonidan naqd xorijiy valyutalarning olib o’tilishi bilan bog’liq qonunbuzarlik holatlarining oldini olishda jamoatchilik o’rtasida tushuntirish ishlarini olib borish muhim rol o’ynaydi. Bu borada Davlat bojxona qo’mitasining hududiy boshqarmalari tomonidan jamoatchilik o’rtasida turli uchrashuvlar o’tkazish doimiy an’anaga aylangan. Birgina 2010 yilning o’tgan 5 oyi davomida respublikamiz bo’ylab 331 ta ana shunday uchrashuvlar o’tkazilgan. Ularda bojxona tizimiga oid eng muhim yo’nalishlar bilan bir qatorida naqd horijiy valyutalarni olib o’tish tartibi bo’yicha ham tushuntirishlar berib boriladi. Ushbu yo’nalishda interaktiv imkoniyatlardan ham samarali foydalanish tobora hayotiy zaruratga aylanib bormoqda. Bunda Davlat bojxona qo’mitasining Internetdagiwww.customs.uzsaytining faoliyati ham aloxida o’rin tutadi. Hozirda internet foydalanuvchilar naqd xorijiy valyutalarning olib o’tilishi yuzasidan yo’llagan savollariga saytning “Savol-javoblar” rukni orqali javoblar olishmoqda. Shuningdek, qo’mitaning matbuot xizmati tomonidan markaziy nashrlarda 2009 yil va 2010 yilning o’tgan davri mobaynida naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy olib o’tilishiga qarshi bojxonachilar tomonidan olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida 40 ga yaqin maqolalar chop ettirilgan. (Ular qo’mita saytiga ham joylashtirib boriladi) Ayni paytda respublikamizning barcha bojxona postlarida me’yoriy-huquqiy hujjatlarda qayd etilgan naqd xorijiy valyutalarning olib o’tilishiga doir talablarning devoriy ko’rgazmalar shaklida mavjudligi ham ta’minlanmoqda. Olib borilgan ushbu chora-tadbirlar natijasida birgina 2010 yilning dastlabki choragi davomida naqd xorijiy va milliy valyutalarning noqonuniy ravishda olib o’tilishi holatlarining o’tgan yilning shu davriga nisbatan 238 ta (16.6%) ga kamayishiga erishildi. |
| Barcha huquqlar himoyalangan. O'zR DBQ. © 2006 - 2007 Web-sahifa "Sim-Aloqa" tashkiloti tomonidan yaratilgan |