|
|
Qadr - aziz, xotira - muqaddas!
08.05.2010 11:35
Mustaqillik yillarida xalqimizning milliy o’zligini anglash, tarixiy xotirasini tiklash bo’yicha mamlakatimizda ulkan miqyosdagi ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 9 mayning “Xotira va qadrlash kuni” deb e’lon qilinishi shak-shubhasiz, ajdodlarimiz xotirasini ulug’lash, mard ota-bobolarimiz va matonatli onalarimizni qadrlashning, e’zozlashning yorqin namunasi bo’ldi.
Yurtboshimiz tashabbusi va loyihasi asosida Mustaqillik maydonida bunyod etilgan Xotira xiyoboni majmuasini esa o’tmishga hurmat, jang maydonlarida qurbon bo’lgan yurtdoshlarimiz xotirasiga ehtiromning o’ziga xos ifodasi deyish mumkin.
An’anaga ko’ra, Xotira va qadrlash kuni arafasida joylarda Ona Vatan ozodligi yo’lida jon fido qilib kurashgan buyuk ajdodlarning ibrati, jang xotiralari, jasorat namunalarini yosh avlod qalbi va ongiga ta’sirchan vositalar orqali singdirish, jamiyatning har bir a’zosi qalbida Vatanga mehr, tinch-osuda hayotni e’zozlash, himoya qilish, milliy g’urur va hech qachon hech kimga qaram bo’lmaslik tuyg’usini kamol toptirishdek ulkan vazifalarni o’z ichiga olgan qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o’tkazilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri poytaxtimizdagi Oliy harbiy bojxona institutida bo’lib o’tdi. “Inson qadri aziz, o’tganlar xotirasi muqaddas” mavzuidagi mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir Respublika Ma’naviyat targ’ibot markazi va O’zbekiston faxriylarni qo’llab – quvvatlash “Nuroniy” jamg’armasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda urush va mehnat faxriylari, taniqli yozuvchi va shoirlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, Oliy harbiy bojxona instituti ofitser va tinglovchilari ishtirok etishdi.
Tadbirni kirish so’zi bilan ochar ekan, Oliy harbiy bojxona instituti boshlig’i N. Shukurov Vatan, el-yurt ozodligi, osoyishtaligi yo’lidagi matonat va jasoratning qadri hamisha ulug’ ekanligini ta’kidladi.
Respublika Ma’naviyat targ’ibot markazi rahbari M.Hojimatov keksa avlod vakillariga hurmat va ehtirom ko’rsatish, o’tganlar xotirasini muqaddas bilish milliy ma’naviyatimizning uzviy qismi ekanini ta’kidladi. Yurtimizda yoshi ulug’ insonlarni e’zozlash, ijtimoiy himoyalash, salomatligini tiklash va mustahkamlash, ularga munosib turmush sharoitini yaratishda, barkamol avlod tarbiyasida nuroniy otaxon va onaxonlar o’zlarining ibratli hayot tajribasi bilan ishtirok etayotganida bu yanada yaqqol namoyon bo’lmoqda.
Shundan so’ng, O’zbekiston xalq artisti, urush qatnashchisi Kommuna Ismoilova Ikkinchi jahon urushi davrida xalqimiz ko’rsatgan buyuk jasoratlar haqida xotiralarini yig’ilganlar bilan o’rtoqlashdilar. Mehmonlar o’tmish xotiralaridan so’zlay turib, bugungi dorulomon kunlardan, yurtimizda faxriylarga ko’rsatilayotgan g’amxo’rlik va doimiy e’tibordan mamnun ekanliklarini bildirishdi.
Anjumanda nuroniy hamyurtlarimiz ko’rsatilayotgan e’zoz va e’tibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdilar.
Oliy harbiy bojxona instituti ansamblining “Dillarda Vatan madhi” mavzuidagi badiiy chiqishlari tadbirga o’zgacha fayz bag’ishladi. Uchrashuv yakunida urush va mehnat faxriylariga esdalik sovg’alari topshirildi.
Ushbu ma’naviy-musiqiy, ma’rifiy tadbir unda ishtirok etgan yoshlarning xotirasida uzoq vaqt muxrlanib qolishi shubhasiz.
|
|