|
|
Piyoz o’zimizga ham kerak!
20.04.2010 15:40
Yerga umid ila urug’ qadagan bobodehqon eng avvalo shu elning rizqi, nasibasi uchun zahmat chekadi. Ammo, ming bir mashaqqat va peshona teri evaziga yetishtirilgan mahsulotlarni mo’may daromad ilinjida chetga pullashni ko’zlayotgan “tadbirkorlar” avvalo bobodehqonlarimiz chekkan zahmatni oyoqosti qilish barobarida el rizqiga ham xiyonat qilishayotganini bilisharmikan?!
Respublikamiz bojxonachilari tomonidan qishloq xo’jaligi mahsulotlarining noqonuniy ravishda olib chiqilishiga qarshi qaratilgan chora-tadbirlarni davom ettirishmoqda.
Sirdaryolik bojxonachilar esa 32 tonnadan ortiq piyozning yurtimizdan yashirincha olib chiqilishiga nuqta qo’yishdi. Fuqarolar M.Xolmatov va D.Yulchievlar mamlakatimizda yetishtirilgan 16 mln. so’mdan oshiq qiymatdagi mazkur qishloq xo’jaligi mahsulotlarini “Kamaz”larga yuklab, aylanma yo’llar orqali yashirin ravishda olib chiqishga uringan paytda fosh etildi.
Yangiyo’l tumanida esa chegaradosh hududda harakatlanayotgan 2 ta “Gaz-5327” yuk mashinalarida fuqaro M.Bekberdievaga tegishli salkam 9 mln. so’mlik bodring, pomidor, anor kabi 6 tonnadan ortiq qishloq xo’jaligi mahsulotlarining noqonuniy olib chiqilishiga chek qo’yildi.
Shuningdek, tegishli hujjatlarsiz, sifati kafolatlanmagan hamda o’rnatilgan tartiblarga zid ravishda tashilayotgan qishloq xo’jaligi mahsulotlarini yurtimizga olib kirish holatlariga ham chek qo’yilmoqda.
Farg’ona viloyati bojxonachilari va boshqa huquqni muhofaza etuvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda Marg’ilon shahrida fuqaro A.Zokirovning xonadoni qonunchilikka muvofiq ko’zdan kechirilganda, bu yerda bojxona rasmiylashtiruvidan o’tkazilganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo’lmagan va muqaddam aylanma yo’llar orqali qo’shni davlatdan olib kirilgan 5.5 tonnaga yaqin olma va nok mevalari yashirin ravishda saqlanayotganligi ma’lum bo’ldi. Aniqlanishicha, Xitoyda yetishtirilgan mazkur qishloq xo’jaligi mahsulotlarining qiymati salkam 11 mln. so’mni tashkil qilar ekan.
Namangan viloyati bojxona boshqarmasi xodimlarining hamkorlikdagi tadbirlari davomida yangiqo’rg’onlik Q.Mo’minovning qing’ir qilmishlariga chek qo’yildi. Qonunbuzar muqaddam aylanma yo’llar orqali olib kirilgan salkam 21 mln. so’mlik 11 tonnadan ortiq olmani noqonuniy tarzda olib ketayotgan paytda to’xtatib qolindi.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
|
|