|
|
Piyoz 7 tonna, olma 10 tonna, pomidor esa...
06.01.2010 13:28
Yangi yil arafasida qishloq xo’jaligi mahsulotlari, meva-chevalarga bo’lgan talab harqachongidan ham biroz ortadi. Bundan esa ayrim kimsalar mo’may daromad orttirish ilinjida foydalanib qolishga urinishadi. “Oshing halol bo’lsa, ko’chada ich” deydi dono xalqimiz. Respublikamizda qishloq xo’jaligi mahsulotlarini eksport-import qilish uchun tadbirkorlarga barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan bir paytda ayrim kimsalarning yurtdoshlarimizning rizqini qiyib, qing’ir yo’llardan borishini, noqonuniy xatti-harakatlarini hech ham oqlab bo’lmaydi. Respublikamiz bojxonachilari esa bunday urinishlarni o’z vaqtida fosh etishmoqda.
Yaqinda Sirdaryo viloyati bojxonachilari “Zil 130” rusumli yuk mashinasini bojxona nazoratidan o’tkazishganda, unga tegishli hujjatlarsiz salkam 3 tonna olma va 4.5 tonnadan ziyod kartoshka yuklanganini aniqlashdi. Umumiy qiymati 5 million so’mga yaqin ushbu qishloq xo’jaligi mahsulotlari xovoslik A.Narkuzievga tegishli ekan.
“Zil” yuk mashinasini bojxona nazoratidan o’tkazishgan andijonlik bojxonachilar 7 tonna piyozni yashirin ravishda yuritimizga olib kirishga uringan fuqaro X.Djuboevning noqonuniy hatti-xarakatlariga chek qo’yishdi. Surishtiruvlar natijasida, ushbu qishloq xo’jaligi mahsulotining umumiy qiymati 2.1 million so’m ekanligi ayon bo’ldi.
Shuningdek, viloyat bojxonachilari qo’shni respublikaga tutash aylanma yo’llarda “izg’ib” yurgan “Kamaz”ni bojxona nazoratidan o’tkazishdi. Ma’lum bo’lishicha, fuqaro A.To’ychiev qiymati 13.5 mln. so’mlik 11 tonna pomidor va 1250 kg. anorni Paxtaobod tumani orqali noqonuniy ravishda yurtimizdan olib chiqishga uringan ekan.
Farg’ona tumanidagi aylanma yo’llarda “Kamaz” yuk avtomashinasi manziliga yetib borolmadi. Chunki, fuqaro O’.Yakubov ushbu avtomashinada tegishli hujjatlari bo’lmagan, muqaddam aylanma yo’llar orqali qo’shni davlat hududidan oz-oz miqdorda olib kirilgan 10 tonnadan ziyod olmani olib ketayotgan edi. 536 dona qog’oz qutilarga joylangan ushbu qishloq xo’jaligi mahsulotlarining umumiy qiymati salkam 16 mln. so’mni tashkil qilar ekan.
Samarqandlik bojxonachilar ham yirik miqdordagi qishloq xo’jaligi mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo’yishdi. “Toshkent-Samarqand” yo’nalishida harakatlanayotgan “Mersedes-Bents” yuk mashinasida o’tkazilgan tekshiruvlar chog’ida, unga oz emas, ko’p emas naqd 22 tonnadan ziyod turli mevalar, jumladan apelsin, ananas, olma va nok yuklangani ma’lum bo’ldi. Qiymati salkam 48 million so’mni tashkil qiluvchi, ammo bironta ham bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari bo’lmagan ushbu qishloq xo’jaligi mahsulotlari fuqaro I.Jumaevga tegishli ekan.
|
|