2009 yil 24 aprel kuni Oliy harbiy bojxona institutida Davlat bojxona qo’mitasi tomonidan “O’zbekiston Respublikasida bojxona ma’muriyatchiligi tizimini takomillashtirish” mavzusida brifing o’tkazildi. Unda markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar va soha mutasaddilari ishtirok etishdi.
Anjumanda Davlat bojxona qo’mitasining bojxona nazoratini tashkil etish, kadrlar bosh boshqarmalari, huquqiy, axborot texnologiyalari boshqarmalari boshliqlari hamda Oliy harbiy bojxona instituti professor-o’qituvchilarining mavzu yuzasidan chuqur tahliliy ma’ruzalari tinglandi.
Mustaqillik yillaridagi qisqa tarixiy muddat ichida Prezidentimizning tashabbusi bilan O’zbekistonda xalqaro talablarga javob beradigan bojxona xizmati tashkil etildi, unga huquqni muhofaza qilish organi maqomi berildi. O’zbekiston Respublikasi parlamenti tomonidan Bojxona kodeksi, “Bojxona xizmati to’g’risida” va “Boj tarifi to’g’risida”gi qonunlar qabul qilindi. Bojxona xizmati uchun malakali mutaxassislar tayyorlaydigan Markaziy Osiyoda yagona bo’lgan Oliy harbiy bojxona instituti tashkil etildi, Milliy kinologiya markazi faoliyati yo’lga qo’yildi.
Bugungi kunda mamlakatimiz bojxona xizmati – Qoraqalpog’iston Respublikasi va 12 ta viloyat, Toshkent shahar bojxona boshqarmalari va "Toshkent-Aero" ixtisoslashgan bojxona komlpeksi hamda ular tarkibiga kiruvchi 164 ta bojxona posti, shu jumladan 107 ta chegara va 57 ta tashqi iqtisodiy faoliyat postini o’z ichiga olgan keng qamrovli tizimdan iborat.
Tizim faoliyatini samarali yo’lga qo’yish uchun qonunchilikka rioya etilishini yanada mustahkamlash, bojxona tizimida kadrlar siyosatini takomillashtirish, xavfni boshqarish hamda xavfsizlik standartlari talablari asosida bojxona nazoratini tashkil etish kabi jarayonlar eng ustuvor yo’nalishlar qilib belgilangan. Ta’kidlash joizki, matbuot anjumanida jurnalistlar e’tiboriga havola etilgan ma’ruzalar, turli statistik ma’lumotlar ana shu ustuvor yo’nalishlardan kelib chiqqan holda tayyorlandi.
Bojxona ma’muriyatchiligi va uning maqsadi, vazifalari; tizimga axborot texnologiyalarini tadbiq etishning bugungi holati, bojxona nazoratini tashkil etish borasidagi islohotlar, kadrlar siyosati, bojxona qonunchiligi kabi muhim mavzularni o’z ichiga qamrab olgan matbuot anjumani qiziqarli va ko’tarinki ruhda o’tdi. Anjuman ishtirokchilari sohaga oid o’zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldilar.
Shuningdek, tadbir davomida ishtirokchilar Oliy harbiy bojxona institutida tinglovchilarning malakali ta’lim olishlari uchun yaratib berilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.