|
|
Odam savdosining oldini olish va odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarga ko’maklashish mexanizmi” mavzusida davra suhbati
01.12.2009 18:02
O’zbekiston Respublikasining 2008 yil 17 apreldagi “Odam savdosiga qarshi kurashish to’g’risida”gi Qonuni, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 8 iyuldagi “Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ-911 Qarori hamda O’zbekiston Respublikasi Odam savdosiga qarshi kurashish bo’yicha Idoralaro Komissiyasining “Odam savdosini bartaraf qilish va oldini olish, odam savdosi jinoyatidan jabrlangan shaxslarning huquqlarini himoya qilish, O’zbekiston Respublikasidan tashqarida yo’qolgan shaxslarni aniqlash, ularni ortga qaytarish va reabilitatsiya qilish” bo’yicha 2009-2010 yillar davomida amalga oshiriladigan hamkorlikdagi chora-tadbirlar Rejasining ijrosini ta’minlash borasida Davlat bojxona qo’mitasi hamda Toshkent shahar “Istiqbolli avlod” yoshlar axborot-ma’rifat markazi tomonidan O’zbekiston respublikasi Bosh Prokuraturasi, Xotin-qizlar qo’mitasi, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida davra suhbati uyushtirildi.
“Odam savdosiga qarshi kurashish to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasining Qonuni. O’zbekistonda Odam savdosining oldini olish va odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarga ko’maklashish mexanizmi” mavzusida bo’lib o’tgan mazkur tadbirni DBQning Kontrabandaga qarshi kurashish Bosh boshqarmasining muhim topshiriqlar bo’yicha katta inspektori Botir Mirxodjaev kirish so’zi bilan ochdi hamda tadbirga raislik qildi.
Dastavval yig’ilganlarga Odam savdosiga qarshi kurashish to’g’risidagi qonun hujjatlarining ijrosini ta’minlash borasida Davlat bojxona qo’mitasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida DBQning Ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo’limi inspektori Behzod Berdiev batafsil so’zlab berdi. Ta’kidlash joizki, Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish maqsadida Davlat bojxona qo’mitasi ham yuqorida sanab o’tilgan qonun hujjatlariga muvofiq o’z buyruqlari, qo’shimcha chora-tadbirlar rejalarini ishlab chiqqan va ular asosidan bir qator maqsadli chora-tadbirlar muntazzam o’tkazib kelinmoqda. Bugun bo’lib o’tgan tadbir ham shu yo’nalishdagi xatti-harakatlarning amaliy ifodasidir.

Shuningdek, tadbirda O’zbekistno Respublikasi IIV HOOBB odamlardan foydalanish uchun ularni yollash bilan bog’liq va odab-ahloq doirasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish bo’limi boshlig’i Ibrohim Ahmedov, “Istiqbolli avlod” yoshlar axborot-ma’rifat markazi direktori Nodira Karimovalar ham so’zga chiqishdi.
Tadbir davomida Odam savdosiga qarshi kurashish bo’yicha Idoralaro Komissiyasining faoliyati, Odam savdosi bilan shug’ullanuvchi shaxslarning jinoiy javobgarlikka tortilishi, mazkur illatdan jabrlanganlarni mutasaddi tashkilotlarga yo’naltirish, ularga ko’maklashishda nodavlat-notijorat tashkilotlarining o’rni haqida atroflicha to’xtalib o’tildi va tegishli takliflar ishlab chiqildi.
Avvalo, “Odam savdosiga qarshi kurashish to’g’risida”gi Qonunning ijrosini amalda kuchaytirish maqsadida ma’sul organlar tomonidan mazkur qonun hujjatiga sharhlarlar ishlab chiqish lozim. Qolaversa, Odam savdosiga qarshi kurashish mavzuidagi tarqatma materiallarni ishlab chiqish, ularning sifati va ko’lamini oshirish, kattaroq masshtabda targ’ib qilishga erishishda Idoralaro Komissiya tarkibidagi barcha tashkilot va muassasalarni jalb qilish joizligi bildirildi.
Tadbir yakunida mazkur takliflar davra suhbatining bayonnomasiga kiritildi va endi o’rnatilgan tartibda mutassadi tashkilotlarga yetkaziladi.
|
|