|
|
“Mo’jazgina “aptechka”
05.11.2009 14:45
Sifatsiz dori-darmon va farmatsevtika mahsulotlari inson uchun eng aziz ne’mat – sihat-salomatlikka jiddiy xavf tug’dirishi shubhasiz. Chunki, har xil sharoitlarda va belgilangan me’yorlarga rioya qilinmagan holda tashiladigan, olib kelinadigan dorilar shifo o’rniga kasallikni yanada kuchaytirib yuborishi mumkin. Afsuski, ushbu oddiy haqiqatdan ko’z yumgan ayrim kimsalarni yurtdoshlarimizning salomatligidan ko’ra, mo’may daromad ko’proq qiziqtiradi.
Qoraqalpog’istonlik bojxonachilar boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda fuqaro N. Atao’baevning qing’ir qilmishlariga nuqta qo’yishdi. “Alma-Ata-Nukus” yo’lovchi poezdida kelayotgan ushbu yurtdoshimiz umumiy narxi 2 mln. so’mlik 15 xil nomdagi 361 quti “Tyan Shan” firmasining biologik aktiv qo’shimchalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o’tkazilganligini tasdiqlovchi hujjatlarsiz Qozog’iston Respublikasidan O’zbekiston Respublikasiga noqonuniy ravishda olib kirganligi aniqlandi.
Yaqinda Andijon viloyati bojxonachilari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari hamkorligida o’tkazilgan tezkor tadbir davomida yashirincha olib o’tilayotgan yirik miqdordagi turli xil dori-darmonlarning manzilga yetkazilishining oldi olindi. Xo’jaobod tumanining chegaradosh hududlaridan birida chegara simlari orqali respublikamizga yuk olib o’tayotgan piyoda shaxs bojxonachilarni ko’rib qolgach, qo’shni davlat tomon juftakni rostlab qoladi. Undan qolgan yuklar tegishli tartibda bojxona nazoratidan o’tkazilganda esa qiymati 4.1 mln. so’mga yaqin, salkam 8 ming quti turli dori vositalari borligi aniqlandi. Tegishli hujjatlari bo’lmagan va davlat tilida markalanmagan “Bisokadil”, “Anuzol”, “Geksikon”, “Anistizol” kabi turli dori-darmonlar noqonuniy, boz ustiga, farmatsevtika mahsulotlarni yetkazib berish talablariga umuman amal qilinmagan holda olib o’tilayotgan ekan.
Farg’ona aeroportida Moskvadan uchib kelgan fuqaro M.Ismoilov yirik miqdordagi ya’ni 13 ming donadan oshiq dori-darmon vositalarini noqonuniy olib kirishga uringanda to’xtatib qolindi. Qonunbuzar “mo’’jazgina “aptechka”sida 20 dan oshiq nomdagi, qiymati esa 14 mln. so’mdan ziyod ushbu mahsulotlarni olib kirayotib, bojxona bayonnomasida qayd etishni “unutibdi”.
|
|