Mamlakatimizning iqtisodiy manfaatlarini ximoya qiluvchi bojxona qo’mitasi tasarrufida tashkil etilgan Milliy kinologiya markazida BMT va yevropa Itifoqi Komissiyasining Bomka/Kadap Rivojlanish Dasturlari doirasida tashkil etilgan “Giyohvand va portlovchi moddalarni qidirish” yo’nalishi bo’yicha Markaziy Osiyo davlatlari kinologlarining boshlang’ich tayyorgarlik kurslari yakuniga yetdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 1994 yilda tashkil etilgan Milliy Kinologiya Markazi Markaziy Osiyoda yagona muassasa hisoblanadi. Davlat bojxona qo’mitasi huzuridagi ushbu tashkilot respublika huquqni muhofaza qilish organlarining kinologiya xizmatlarini uslubiy ta’minlash, kinolog mutaxassislarni tayyorlash, nasldor xizmat itlarini tayyorlash va o’rgatish bilan shug’ullanib kelmoqda. Markazga 1999 yilda BMT ekspertlari tomonidan halqaro markaz maqomi, shuningdek 2008 yil Butunjahon bojxona tashkiloti tomonidan mintaqaviy maqom ham berildi.
Kinologiya markazi faoliyatida Xalqaro hamkorlik yetakchi omillardan hisoblanadi. Sababi, ayni paytda global tus olgan giyohvand moddalarning g’ayriqonuniy tranziti, ushbu giyohvandlik illatiga qarshi faqatgina bitta davlat, bitta mintaqa bo’lib emas, balki birlashib, uyushgan holda kurashishni taqozo etmoqda. Shu maqsadda Markazda nafaqat respulikamizdan, balki qo’shni va xorijiy davlatlarning kinologlari ham o’quv kurslarida ishtirok etmoqdalar.
Yaqin o’tgan yillarga nazar tashlaydigan bo’lsak, BMTning Narkotiklar ustidan nazorat qilish va jinoyatlarning oldini olish boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi bilan xalqaro hamkorlik doirasida “Narkotik moddalarni izlash” yo’nalishi bo’yicha 2002 yilda tojikistonlik, 2003 yildan mo’g’ulistonlik kinologlar dastlabki tayyorgarlikdan o’tdilar. Frantsiya, Eron kabi davlatlar bilan amaliy tajriba almashinuviga oid uchrashuvlar o’tkazildi.
Ayni paytda ham Milliy Kinologiya markazining xorijiy davlatlar va halqaro tashkilotlar bilan aloqalari qizg’in davom etmoqda. Ayniqsa, BMT va yevropa itifoqi Komissiyasining BOMKA/KADAP dasturi bu jarayonda muhim rol o’ynamoqda. Mazkur Dastur 2002 ishlab chiqilgan bo’lib, u Markaziy Osiyo mamlakatlari chegaralari xavfsizligi va barqaror savdo munosabatlarini rivojlantirish maqsadlariga xizmat qiladi.
Jumladan, Markazda ushbu Dasturga asosan Markaziy Osiyo davlatlari kinologlarini “Giyohvand va portlovchi moddalarni qidirish” yo’nalishi bo’yicha boshlang’ich tayyorgarlik kurslari tashkil etilgan edi. Mazkur kurslarning tantanali yopilish marosimida mutasaddi tashkilotlar vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ham ishtirok etishdi. Dastlab madhiyamiz sadolari ostida mintaqaviy o’quv kurslarida tahsil olgan kursantlarning davlat bayroqlari ko’tarildi. Tadbirda so’zga chiqqanlar kinologiya markazida yaratilgan shart-sharoitlar haqida alohida e’tirof o’tishdi. Shundan so’ng mehmonlar o’quv mashq majmuasi va xizmat itlari pitomnigi bilan yaqindan tanishishdi. Bu yerda xizmat itlari qorovullik, izquvarlik-qidiruv, narkotik moddalar, jabrlangan kishilar, portlovchi moddalarni izlashga o’rgatiladi. Xizmat itlari safida itlarning dunyoga dong’i ketgan – nemis ovcharkasi, labrador, ingliz kokker-spanieli, rotveyler, rus spanieli va qora terer kabi zotlarini uchratish mumkin.
Milliy kinologiya markazidagi shart-sharoitlar, qilingan ishlarni yaqindan kuzatgan frantsiyalik ekspert-kinolog Rene Tyurpen shunday deydi.
- Mamalakatingizda olib borilayotgan keng ko’lamli islohotlarni Milliy kinologiya markazi misolida ham ko’rish mumkin. Men bu yerda birinchi bor bo’lishim. Milliy kinologiya markazi xaqida ko’plab eshitgandim bugun uning faoliyati nechog’lik samarali yo’lga qo’yilganligini guvohi bo’ldim. E’tiborli jixati shundaki, markazda tarbiyalanayotgan xizmat itlari yordamida nafaqat giyohvand moddalarning noqonuniy tranzitini oldini olishda balki, tabiiy ofat va noxush holatlarda jabrlangan kishilarga yordam berish, qorovulik, izquvarlik-qidiruv ishlarini olib borishda ham ularning yordamidan foydalanish mumkin bo’ladi.
Tadbir davomida kursantlarning xizmat itlari yordamida ko’rgazmali chiqishlari, kinologiya markazi shaxsiy tarkibi ishtirokida esa “Antiterror” yo’nalishdagi mashqlar ham namoyish etildi.
Turatbek Ostonov (Qirg’iziston bojxona xizmati mayori, bojxona ixtisoslashgan kinologi): – Qo’shnimiz O’zbekistondagi Miliy kinologiya markazi nafaqat davlatingizda, balki mintaqamizda tobora muhim rol o’ynamoqda. Ishonamanki, mintaqaviy kursni yakunlagan kinologlarimiz Markaziy Osiyoda giyohvandlik va portlovchi moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo’yishda o’zlarining katta hissalarini qo’shishadi.
Tantanali yopilish marosimi so’nggida mintaqaviy o’quv kursini yakunlagan kursantlarga sertifikatlar topshirildi.