|
|
Ma'naviyat kushandalari
23.02.2010 14:05
San’at va sanoat tushunchalari uyg’unlashib ketayotgan bugungi kunimizda deyarli har kuni biron yangi filmning taqdimotiga, kontsertlar afishasiga ko’zimiz tushadi. Garchi ularning barchasiga birdek bora olmasak-da, ekran orqali ko’rish imkoni borligidan xotirjam tortamiz. Endigina tandirdan uzilgan nondek bunday san’at namunalarining o’ta qisqa muddatlarda va elektron nusxalarda yoyilishini esa rivojlanayotgan axborot texnologiyalari zamoniga taqab qo’yamiz! Aslida-chi?
Mo’may daromad ilinjida turli filmlar, kontsertlar, kliplar va boshqa materiallarni yashirin ravishda ko’paytirib, pullayotgan va bojxona sarhadlari orqali noqonuniy olib o’tishga urinayotgan soxta “tadbirkor”lar mualliflarning huquqlarini qo’pol ravishda buzib, ularga jiddiy zarar yetkazishayotgani haqida o’ylashni istashmaydi. Shuni aytsa kerak-da, “o’roqda yo’q, mashoqda yo’q. - xirmonda hozir”
Respublikamiz bojxonachilari bu turdagi qonunbuzarliklarning oldini olishda faol ishtirok etishmoqda. Afg’on fuqarosi Atai Fruzon 105 dona CD va DVD formatdagi disklarni yashirincha olib o’taman deb adashgan edi. Surxondaryolik bojxonachilar tegishli hujjatlari bo’lmagan, turli kino va kontsertlar yozilgan mazkur disklarni o’z vaqtida to’xtatib qolishdi.
“Toshkent-Buxoro” yo’nalishidagi avtobusni bojxona nazoratidan o’tkazgan samarqandlik bojxonachilar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari yo’lovchilardan biri Sohibjon Barotovning noqonuniy ravishda olib ketayotgan tovarlari qatorida 3 xildagi 175 dona disklarni ham musodara qilishdi.
Navoiylik bojxonachilar esa fuqaro Alisher Yusupovni turli filmlar yozilgan va tegishli hujjatlari bo’lmagan 200 dona DVD formatdagi disklarni pullayotgan paytida fosh etishdi.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari fuqaro Nurmat Madiyarovning qilmishlariga nuqta qo’yishdi. Qonunbuzar turli kino va kontsertlar yozilgan 546 dona disklarga tegishli bironta ham hujjatni bojxonachilarga taqdim qila olmadi.
Shuningdek, iqtisodiy xavfsizlik himoyachilari filmlar, kontsertlar, kliplar va boshqa materiallarni ko’paytirishda asqotadigan texnikalarning noqonuniy olib o’tilishiga qarshi chora-tadbirlarni ham olib borishmoqda.
Surxonadaryo viloyati bojxonachilari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda o’tkazilgan tezkor tadbir davomida, respublikamiz hududidan tranzit tariqasida o’tayotgan “Mersedes Bents” rusumli yuk avtomashinasini belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o’tkazildi. Natijada, konteynerda bojxona yuk bayonnomalarida qayd etilmagan salkam 3.5 mln. so’mlik tovarlar, shu jumladan kompyuter to’plami, 7 dona video kamera, 45 dona fotoaparat va 1 dona DVD pleyeri yashirincha olib o’tilayotganligi ma’lum bo’ldi.
Jizzaxlik bojxonachilar ham noqonuniy olib o’tilayotgan DVD pleyerlarining yirik turkumini to’xtatib qolishdi. G’allaorol tumani hududida “Setro” rusumli avtobus bojxona nazoratidan o’tkazilganda, yo’lovchi Njamiddin Yusupovning qiymati 4 mln. so’mdan ortiq 114 dona DVD pleyerlarni tegishli hujjatlarsiz yashirin ravishda olib ketayotganligi fosh etildi.
|
|