Oshing halol bo’lsa, ko’chada ich, deydi dono xalqimiz. Respublikamizda
qishloq xo’jaligi mahsulotlarini eksport-import qilish uchun tadbirkorlarga barcha
shart-sharoitlar yaratib berilgan bir paytda ayrim kimsalarning yurtdoshlarimizning
rizqini qiyib, qing’ir yo’llardan borishini, noqonuniy xatti-harakatlarini hech
ham oqlab bo’lmaydi.
Yaqinda sirdaryolik bojxonachilar yirik miqdordagi qishloq xo’jaligi mahsulotlarining
noqonuniy olib chiqilishiga chek qo’yishdi.
Davlat raqami 12 A 34-75 va 12 I 00-68 bo’lgan “Kamaz”lar chegaradosh
hududlardagi aylanma yo’llar orqali qo’shni
davlatga chiqib ketishga uringan paytda bojxonachilar tomonidan to’xtatib qolindi. O’tkazilgan tekshiruvlar chog’ida,
yuk mashinalariga tegishli hujjatlarsiz oz emas, ko’p emas naqd 24 tonna karam yuklangani
ma’lum bo’ldi. Qiymati salkam 5 million so’mni tashkil qiluvchi yurtimizda yetishtirilgan
ushbu qishloq xo’jaligi mahsulotlari fuqaro Baxtiyor Sodiqovga tegishli ekan.
Davlat raqami 01 V 978AAbo’lgan“Zil” yuk
avtomashinasiga ham salkam 9 tonna anor, mayiz, qurut, pomidor, yong’oq mag’izlari
kabi jami 24 xil turdagi qishloq xo’jaligi mahsulotlari va 5 xil turdagi xo’jalik
mollari yuklanib, ular yashirin ravishda chetga olib chiqishga mo’ljallangan ekan.
Qarang-ki, “Eshagini sug’or-u, pulini ol” qabilida ish tutgan haydovchi Omon To’xtaqulov
chinozlik A’zam va O’lmas ismli kishilarning iltimosiga binoan avtomashinasiga 23 million so’mlik yuklarni ortishga ortganu,
ammo yuk egalarining shaxsi, hujjatlari bilan yaqindan qiziqib ko’rmagan emish.
Yuk egalarining faqat ismlarini bilish bilan kifoyalangan haydovchi yuklarga tegishli
hujjatlarning bor-yo’qligiga ham e’tibor bermagan. Oqibatda esa bundan o’zi ham
pand yedi xolos.
Mirzaobod tumanining chegaradosh
hududlaridagi aylanma yo’llarda davlat raqami 12Y 3085 bo’lgan “ZIL” yuk mashinasi
ham bejizga “adashib” yurmagan ekan. Sababi, sirdaryolik bojxonachilar mazkur yuk
mashinasida 4 tonna karam hech qanday hujjatlarsiz olib ketilayotganini aniqlashdi.
Fuqaro F.Mamanazarov ushbu qishloq xo’jaligi mahsulotlarini aylanma yo’llar orqali
qo’shni respublikaga olib chiqishga uringani ma’lum bo’ldi.
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi
xodimlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari bilan hamkorlikda 2 ta holatda salkam 9 tonna olma kontrabandasiga
chek qo’yishdi. Tezkor tadbirlar davomida, davlat raqami “20K1079” bo’lgan “Kamaz”ning
safari erta qaridi. Boisi, unga ortilgan 20 million so’mga yaqin qiymatdagi xorijda
yetishtirilgan olmalarning tegishli hujjatlari yo’q edi. Yuk egalari buxorolik T.Otaev
va R.Irgashevalar noqonuniy hatti-xarakatlari bilan faqatigna o’zlari pand yeyishdi,
xolos.
Navoiy viloyati bojxonachilari
esa yirik miqdordagi piyoz kontrabandasiga chek qo’yishdi. Urganch tomon yo’l olgan
davlat raqami “22E3294” va “22D9846” bo’lgan “Kamaz” yuk mashinalari bojxona nazoratidan
o’tkazilganda, ularga ortilgan 28 tonnadan ortiq piyozning bojxona rasmiylashtiruvini
tasdiqlaydigan hujjatlari yo’qligi ma’lum bo’ldi. Yakka tartibdagi tadbirkor E.Normanovga
tegishli ushbu qishloq xo’jaligi mahsulotlarining
qiymati salkam 26 million so’mni tashkil qilar ekan.