Davlat hokimiyati tizimining muhim tarkibiy qismlaridan biri bo’lmish bojxona
xizmati mamlakatimizning iqtisodiy xavfsizligi va iqtisodiy manfaatlarining himoyasi
bilan shug’ullanadi. Tabiiyki, bu jarayonda zamonaviy bilimlarni chuqur o’zlashtirgan,
yuqori malakaga va amaliy tajribaga ega bo’lgan yosh bojxonachi kadrlarning o’rni
beqiyos.
2003 yilda Prezidentimiz Islom Karimov tashabbuslari bilan tashkil etilgan
Markaziy Osiyo mintaqasida yagona Oliy harbiy bojxona institutida hozirgi kunda
ana shunday kadrlar tayyorlanmoqda.
Joriy yilda institut yettinchi bor bojxona xodimi bo’lishni oliy maqsad
deb bilgan o’g’il-qizlarni o’z bag’riga qabul qilmoqda.
Shu munosobat bilan institutda bojxona ishi va yurisprudensiya mutaxassisliklari bo’yicha qabul
qilingan tinglovchilarning harbiy va bojxonachi
qasamyodini qabul qilish marosimi bo’lib o’tdi. UndaParlament, tegishli vazirlik va tashkilotlar, ota-onalar hamda ommaviy
axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so’zga
chiqqan O’zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo’llab-quvvatlash “Nuroniy”
jamg’armasi Markaziy Kengashi Raisi o’rinbosari
Shuxrat Usmonov, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy kengashi Raisi o’rinbosari
Odina Jamolidinova, Respublika Ma’naviyat-targ’ibot markazi rahbari Minhojiddin
Hojimatov, “Turkiston press” axborot agentligi rahbari Sa’dulla Hakimov, Davlat
bojxona qo’mitasi Raisi Sadirxon Nosirov va boshqalar bojxona xizmatining eng muhim
mezoni – adolatli bo’lish, qonunlarga og’ishmay amal qilish ekanligini, bojxona
xodimidan nafaqat o’z kasbining sirlarini chuqur egallash, balki xalqimiz ma’naviyati
hamda oliyjanob axloqiy fazilatlarni o’zida mujassam etishi zarurligini alohida
ta’kidlashdi.
Endilikda institutdagi 11 ta kafedra, ixtisoslashgan dars xonalari, kimyo
va kriminalistika laboratoriyalari, amaliy mashg’ulot maydonchalari, shuningdek,
ikkita zamonaviy yotoqxona, kutubxonalar, sport majmuasi, trenajyor zallari, tir, yozgi va qishki suzish
havzalari, tennis korti va boshqa zarur inshootlar
ushbu tinglovchilar ixtiyoridadir.
Shuningdek, oldindagi to’rt yildan iborat tahsil davomida institutning professor-o’qituvchilar
jamoasi, jumladan 30 dan ziyodi fan doktori va nomzodi ilmiy daraja va unvonlariga
ega ustozlar ularga bojxona sohasidan saboq beradilar. Qolaversa, har o’quv yili
yakunida tinglovchilar Davlat bojxona qo’mitasining hududiy bojxona boshqarmalarida
malakaviy amaliyot o’tash imkoniyatiga ham egadirlar.
Yurtimiz bojxonasi – Vatanimiz ostonasidir. Bu
ostonaning pokligi, undan yovuz niyatlar va g’arazli kimsalar o’tmasligi ko’p jihatdan
bojxonachilarga bog’liq. Bugun qasamyod qabul qilayotgan tinglovchilar ham kelajakda
ana shu ma’suliyatni chuqur anglaydigan bojxona xizmatining professional xodimlari
bo’lib yetishib chiqishadi.