Davlat bojxona qo’mitasi
hovlisiga yodgorlik toshi o’rnatilgan. Uning oldida yosh bojxonachilar Vatanga sadoqatli
bo’lishga qasamyod qiladilar. Har yili 31 avgustda, butun o’zbek xalqi Vatan uchun
halok bo’lganlarni yodga oladigan Xotira va qadrlash kunida bu yerda DBQ shaxsiy
tarkibi saf bilan o’tib, bojxona chegaralarini himoya qila turib, jangovor postda
halok bo’lganlarni xotirlaydilar.
Qizil granit-yodgorlik toshida Saidakbar Najimov,
Ravshan Qodirov, Burhon Qo’chqorov, Botir Davlatov, Qo’ldoshali Ro’ziboev, To’xtamish
Xolliev, Saidahmad Toshxo’jaev, Alisher Haqqulov, Oybek Qomatov, Amangeldi
Kdirov, Shuxrat Inoyatovlarning ismlari o’yib yozilgan.
Har bir kishining
hayotida Vatan, kasb burchi, sha’n, qadr-qimmat singari tushunchalar alohida ma’no
bilan yo’g’riladigan payt bo’ladi. O’zbekistonning yuqorida nomlari bitilgan jasur
o’g’lonlari Vatan manfaatlariga sadoqatlarini namoyon etdilar, buning evaziga esa
mangulikka qadam qo’ydilar.
Bojxona chegaralarini
himoya qilish – qiyin va xavfli ish. Mamlakatimiz shakllangan dastlabki yillarda
qo’shni davlatlardagi murakkab vaziyat tufayli
davlat chegarasida bojxona nazorati kuchaytirildi, narkotiklar, qurol-yarog’, o’q-dorilar
kontrabandasiga qarshi qaqshatqich kurash bordi. Huquqbuzarlar respublikadan yonilg’i-moylash
materiallari, rangli metallar, paxta va boshqa xil tovar-moddiy boyliklarni kontrabanda
yo’li bilan olib chiqishga urindilar. Ashaddiy banditlar bilan tengsiz kurashda
ayni bojxona xizmatining yuqorida aytilgan 11 nafar jasur zobiti halok bo’lgan.
Bojxona xodimlarining
jasoratlari davlat tomonidan yuksak baholandi. Chunonchi, ular “Shon-sharaf” ordeni
“Jasorat” medali bilan mukofotlandilar.
Bojxona xodimlari
halok bo’lgan hamkasblarini unutishmaydi, mamlakat iqtisodiy xavfsizligi himoyachilarining
yangi avlodi ular timsolida tarbiyalanmoqda. Ularning oilalari e’tibordan chetda
qolmagan - Davlat bojxona qo’mitasi xizmat
postida halok bo’lganlarning ota-onalari, bevalari va farzandlariga doimo yordam
berib kelmoqda.
Xizmat vazifasini
bajarish paytida halok bo’lgan bojxona xizmati xodimlaridan biri Qodirov
Ravshan Po’latovich edi. U 1969 yil 16 aprel
Samarqand tumaning Sachoq qishlog’ida serfarzand ishchi oilasida dunyoga keldi.
Maktabni tugatgan o’n sakkiz yoshli Ravshan tengdoshlari kabi harbiy xizmatga yo’l
oldi. Ammo, uning qismatiga harbiy xizmatni Afg’onistonda o’tash yozilgan
edi. Qo’rqmadi, sarosimaga tushib qolgani
yo’q, qaytangga jang qildi, hatto jangovar harakatlarning birida jarohatlandi,
jasorati uchun taqdirlandi.
Afg’ondan qaytgan
so’nggi askarlar safida unga ham Vatanga omon qaytish baxti nasib etdi. 1993
yilning kuzida esa Ravshan Qodirov Termizdagi bojxona postlarining birida o’z
ish faoliyatini boshladi. Hamkasblari orasida yangi xodimning xislatlari darrov
ko’zga tashlandi. Istarali, vazmin, ma’suliyatli...
Bu xususiyatlar
bojxona xizmati kichik ispektori Ravshan Qodirovning ishida juda asqotdi. Qo’shni
davlat bilan chegaradosh hududlarda bojxona nazoratini olib borishdek murakkab
xizmat davomida u xamkasblari bilan ko’plab noqonuniy holatlarga chek qo’yishdi.
Ravshan Qodirovning
bevaqt dunyodan o’tishiga sabab bo’lgan voqea 1994 yilning 3 fevralida sodir bo’ldi.
“Gulbaxor” bojxona posti xodimlari tarkibida Ravshan ham chegaradosh hududlardan
biridagi tezkor tadbirga yo’l oldi. Bojxonachilar “ZIL” yuk mashinasida
chegarani buzib kirishga uringan bir guruh qurollangan jinoyatchilarni to’xtatib
qolmoqchi edilar. Sababi, yuk mashinasiga tegishli hujjatlarsiz 4 tonna benzin
ortilgan edi. Bojxonachilarga hech qanday hujjatlarni taqdim qilolmagan jinoyatchilar
qora qilmshilarini davom ettirmoqchi bo’lishdi. Jinoyatchi haydovchi mashinani o’t
oldirdi. Qodirov esa darrov “ZIL” kabinasiga chiqishga urindi. Ammo,
kutilmaganda otilgan o’q atrofni larzaga
soldi.
...Jarohatlangan Qodirov
o’sha kunning o’zidayoq olamdan o’tdi. U endigina 25 bahorni qarshilagan edi.
Savol tug’iladi, 4 tonna benzin jonni qurbon qilishga arzirmidi? Yo’q, albatta! Biroq, Vatan, xizmaga sadoqat,
burch kabi muqaddas tushunchalar borki, ular jon fido qilishga arziydi.
Vatanimiz mustaqilligining 4 yilligi arafasida Ravshan Qodirov o’limidan
so’ng Prezidentimiz farmoniga binoan “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.
U o’zi tug’ilgan Sochaq qishlog’iga dafn etilgan. Yoriga sadoqatli
Mavluda ham o’sha qishloqqa ko’chib keldi. Ammo, yolg’iz o’zi emas, erining vafotidan
biroz o’tib tug’ilgan o’g’li Yodgorbek bilan. Ayni paytda Mavluda Yo’ldosheva
Samarqand viloyatidagi bojxona organlarida ishlamoqda. Xushmuomala, shirinso’z
bu ayol ishiga hamisha vijdonan yondoshadi, oilada esa qo’ligul pazanda,
farzandiga mehribon ona.
Ravshanni eslab do’stlari va hamkasblari bu oilaga tez-tez kelib
turishadi. Qahramonimizning ochiqko’ngil, mehribon, eng oxirgi noni ham do’stlari
bilan birga baham ko’rish kabi ezgu xislatlarini uning Termizdagi xonadonida mehmon
bo’lgan qishloqdoshlari hamon eslashadi.
Yodgorbek bu yil 15 ga to’lmoqda. Onasining aytishicha, ulg’aygan sayin
Yodgor tobora otasiga o’xshab bormoqda. Ishqilib, umri o’xshamasin. Kun kelib,
kichik Qodirov ham balki, otasi kabi bojxonachilar libosida Vatanimiz iqtisodiy
xavfsizligini himoya qilsa, ne ajab?!!