|
|
Hisobi yo’q zarar, huzuri yo’q foyda
10.04.2009 12:20
Hech ahamiyat berganmisiz, okean ortida suratga olingan filmlarning aksariyati ming bir chig’iriq, qaltis vaziyatlardan eson-omon o’tib olgan kino qahramonlarining bir-birini quchib, o’pishishi bilan yakunlanadi. Nega shunday? Bu film ijodkorlarining o’ziga xosligimi va yoki andishasizlikmi?..
Hindistonlik kinorejissyorlardan biri o’z filmida “bo’sali” lavha bo’lishiga izn so’rab, mamlakatning o’sha paytdagi sobiq bosh vaziri, marhum Rajiv Gandiga murojaat qilgan ekan. Bu nima? Har ehtimolga qarshi malomatga qolmaslik uchun ehtiyotkorlikmi yoki yot ta’sirlarga berilib yangilik yaratishga intilishmi?..
Keling, nima bo’lganda ham bunday filmlarga baho berish, munosabat bildirishni shu soha mutaxassislariga qoldirsak-da, behayolikni targ’ib etuvchi “yalang’och” filmlarni yaratuvchilar va ularni tarqatuvchilar haqida fikrlashsak.
“Okalar, bular pornografiya emas erotika-yu, shunga shunchami, a tak uzr”. Bu behayolikni targ’ib etuvchi filmlar yozilgan disklarni bojxona sarhadlari orqali olib o’tishda qo’lga tushgan qonunbuzarning so’zlari. Qarang, yoshgina yigit pornografiya bilan erotikani farqlab, o’zini oqlashga urinmoqda. Aslida behayolikning farqi, darajasi bormikan? Yo’q, shekilli. Lekin, Internetni titkilasangiz, ayrim “faylasuf”larning behayolikni turlarga, shakllarga ajratishiga, “ilmiy” qarashlar, tahlillarni esa nafaqat nazariy, balki “amaliy” misollar bilan asoslashga chiranganiga guvoh bo’lasiz. Fikran, ahloqan tubanlashganlar hatto murdalarni ham “tinch” qo’yishmaydi.
Bir qancha mamlakatlarda pornografik mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar va ularni tarqatuvchilarga qarshi keskin chora-tadbirlar ko’rilayotgan, qat’iy javobgarlik belgilanayotgan bo’lsa-da, bu illatning ildizi tomir otishdan to’xtayotgani yo’q. Aksincha, uning orqasidan “kun ko’radiganlar” ko’payib bormoqda. Shunday mamlakatlar borki, ularda pornografik mahsulotlarni keng ishlab chiqarish va tarqatish orqali yiliga 30-40 milliard AQSh dolllari atrofida daromad qilinadi.
Butun uy hayolini ahloqsizlik, qanday yo’l bilan bo’lmasin pul topish egallagan bunday kimsalarga pand-nasihatdan foyda yo’q. Ularga qarshi faqat kurashmoq kerak. Chunki bu toifadagi odamlarning turgan-bitgani zarar. Ular odatda tanganing ikkinchi tomoni bilan ish tutadilar. Ya’ni, taraqqiyotdan ham, axborot texnologiyalari rivojidan ham egri, nopok, jirkanch maqsadlarda foydalanishadi. Natijada, “goliy” qartalar o’z o’rnini «goliy» fleshkalar, disklar, “sotka”larga bo’shatib bermoqda.
Ushbu ayblovimizning ularga nisbtatan toshi yengilroq. Nimaga deysizmi? Chunki bunday kimsalar qilmishidan faqat o’zlari emas, balki jamiyat, ayniqsa, o’sib kelayotgan yoshlarning onggi zaharlanadi. Yanada ayanchlisi, bu mikrob yashovchan bo’lib, o’ta yuqumliligi bilan butun inosniyatga xavf soladi.
Pul topish, ma’naviyatga tajovuz etish maqsadida yaratilayotgan bu “mahsulotlar” pinhona va ochiqchasiga “iste’mol” qilinadi. Buning ta’sirida qadamini egri bosgan “iste’molchi” shahvoniy nafs va hirsning quliga aylanishi mumkin. Oqibatda esa turli yuqumli kasalliklar, “XX asr vabosi” hisoblanmish OITsga yo’liqqanlar yana-da ko’payadi.
Fuqaro A.Paramonov “porno”dan pul topadiganlar toifasidan ekan. U 11 xil turdagi 502 dona nomi haligi ... sun’iy vositalarni xorijdan olib kelayotganda “Toshkent xalqaro aeroporti” bojxonachilari tomonidan ushlab qolindi.
Endigina 20 yoshga to’lgan Z.Baratov ham Paramonovga o’xshab pul topadiganlar toifasidan chog’i, aks holda, u 11 dona DWD disk va 2 dona videokassetalarni yurtimizga olib kirayotganda aeroportda qizarib-bo’zarib qolmagan bo’lardi.
Qonunbuzarlardan yana biri N.Potapova 52 yoshda. Toshkentga poezdda yetib kelgan xorijlik bu ayolning qo’l sumkalaridan 17 dona pornografik mazmundagi (mazmun nima qilsin ularda) jurnallar chiqib qoldi. Emishki, u bularni tanishlariga sovg’a sifatida olib kelayotgan ekan. Sovg’amish-a...
Agar raqamlarga murojaat qiladigan bo’lsak, bojxonachilar tomonidan o’tgan 2008 yilda 450 ga yaqin holatda salkam 1300 ta behayolikni targ’ib etuvchi turli shakldagi mahsulotlar, vositalar ushlab qolingan. Joriy yilning 1 choragida esa 142 ta holat, 300 taga yaqin o’sha...
Xo’sh, bu raqamlar kammi yoki ko’p?
Bitta bo’lsa ham ko’p!!! Negaki...
Odatda, matematikadagi 4 ta amal bilan ya’ni, qo’shish, ayirish, ko’paytirish va bo’lish orqali foyda-zararni sarhisob qilamiz. Lekin, yuqoridagi qonunbuzarlik holatlarining keltirib chiqaradigan oqibatlarini, yoshlar tarbiyasiga, ma’naviyatga yetkazadigan zararini to’rtala arifmetik amal bilan ham o’lchab bo’lmaydi. Shunday ekan, behayolik, yalang’ochlik targ’ibotiga qarshi kurashishda hamma-hammamiz ma’suldirmiz.
|
|