|
|
Etikka “sig’magan” pullar
05.03.2009 12:33
Mamlakatimizda valyuta resurslaridan unumli foydalanish, valyuta bozorini yanada rivojlantirish maqsadida izchil islohotlar amalga oshirilayotgan bir paytda naqd xorijiy valyutalarni noqonuniy ravishda olib o’tishga urinayotgan shaxslarning borligi achinarlidir.
Qo’shni respublikaga otlangan A.Najmiddinovning bejo oyoq olishi Toshkent viloyati bojxonachilarining diqqatini tortdi. Chunki, u kurtkasining cho’ntagidagi 200 AQSh dollaridan tashqari etigining patagi ostida ham 5 ming 165 AQSh dollarini yashirincha ravishda yurtimizdan olib chiqishga uringan ekan.
Bojxonachilar shuningdek, valyutani noqonuniy olib o’tishda go’yoki “xavfsiz” ammo yarashmagan usulni qo’llagan R.Bo’ronova va B.Ismaylovaning qilmishlarini ham fosh etishdi. R.Bo’ronova 11 ming 390 AQSh dollarini, B.Ismaylovaesa 1 million 700 mingdan oshiq qozoq tengesini ichki kiyimlariga berkitib olgan ekan.
Turkiyaga uchib ketayotgan G.Ubaydullaeva safarini qoldirishiga to’g’ri keldi. Chunki, bu ayol 2400 AQSh dollarini qo’l sumkasiga yashirgancha, olib chiqib ketishga uringanda Toshkent halqaro aeroporti bojxonachilari tomonidan to’xtatib qolindi.
Moskvadan uchib kelgan S.Muqumov ham samarqandlik bojxonachilar oldida yer chizib qoldi. Chunki, u ichki cho’ntaklariga berkitilgan 204 ming 300 Rossiya rublini bojxona bayonnomasida qayd etishni “unutib” qo’ygan. “Moskva-Qarshi” yo’nalishida parvozi yakunlangan D.Zamonov esa 56 ming 170 rossiya rublini yashirincha olib kirmoqchi bo’lganida o’z qilmishidan o’zi pand yedi, xolos.
Qoraqalpog’iston Respublikasi bojxonachilari ham naqd horijiy valyutalarni yurtimizdan noqonuniy olib chiqishga uringan Sh.Xudoyberganovaning rejalarini chippakka chiqarishdi. Ayolning qo’l sumkasi bojxona nazoratidan o’tkazilganda, unga 39 ming 700 rossiya rubli yashirilganligi aniqlandi.
Qo’shni davlat fuqarosi G.Axmetova yurtimizga kirayotib, yonida ortiqcha naqd valyutalar yo’qligini ma’lum qiladi. Ammo, o’tkazilgan bojxona ko’rigi chog’ida uning qo’l sumkasida bayonnomada qayd etilmagan 108 ming qozoq tengesi yashirilganligi oshkor bo’ldi.
Farg’onalik D.Qosimov ham og’zaki so’rov paytida va bayonnomada ma’lum etmasdan turib, 1000 AQSh dollarini yashirincha yurtimizdan olib chiqishga uringanda viloyat bojxonachilari tomonidan to’xtatib qolindi.
|
|