|
|
Disk – xavf manbai(mi)?
10.04.2010 13:54
Disk! Jamiyat hayotining yaqin 10-15 yilida muomalaga kirib kelgan so’zlarning hech qaysisi ushbu so’zchalik ommalashmagan bo’lsa kerak. DVD, VCD, CD, Flash kabi qator turlarga bo’linuvchi ushbu mo’’jazgina matohning o’zida olam jahon ma’lumotlarni jamlashi bir qarashda mo’’jizadek tuyuladi. Ayniqsa, Internet unchalik ommalashmagan hududlarda disklar asosiy axborot tashuvchiga aylanadi. Yurtimizda ham axborot texnologiyalarining eng ommalashgan ushbu turiga nisbatan ehtiyoj borgan sayin ortib bormoqda. Sababi esa oddiy - axir kompyuter, zamonaviy toxnologiyalar kirib bormagan idoralar, muassasalar, xonadonlar oz qoldi deysizmi?
Achinarlisi, axborotlashtirish bo’yicha islohotlar jadal tus olayotgan bir kezda axborot texnologiyalariga ortayotgan ehtiyojdan mo’may daromad ilinjida foydalanib qolishga urinayotgan soxta tadbirkorlar ham uchrab turibdi. Respublikamiz bojxonachilari tomonidan shu turdagi qonunbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.
Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari “Setra” yo’lovchi avtobusini ko’zdan kechirishganda, unda qo’ng’irotlik R.Eshekeeva tomonidan salkam 2 ming dona sifati kafolatlanmagan DVD disklar hech qanday hujjatlarsiz yashirin tarzda olib ketilayotganligi aniqlandi.
“Tiko” rusumli avtomashinani nazoratdan o’tkazgan andijonlik bojxonachilar natijada fuqaro M.Almetovning noqonuniy hatti-harakatlariga chek qo’yishdi. Qonunbuzar salkam 1.1 mln. so’m qiymatdagi 15 ta VCD pleyer, 2 ta kompyuter protsessori va 1ta monitor, 3 ta rangli printer, 700 dona sifatsiz VCD disklarga tegishli bironta ham hujjatni bojxonachilarga taqdim qila olmadi.
Namangan viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari Z.To’xtasinovaning muqaddam aylanma yo’llar orqali yurtimizga olib kirilgan tovarlari qatorida aholi o’rtasida “fleshka” nomi bilan yoyilgan 15 dona kompyuter Flash disklarning ham noqonuniy olib o’tilishiga chek qo’yishdi.
Jizzaxda esa “Neksiya” avtomashinasini bojxona nazoratidan o’tkazish chog’ida buxorolik U.Komilov tomonidan bojxona rasmiylashtiruvidan o’tkazilganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo’lmagan 2600 dona DVD va CD disklarning noqonuniy ravishda olib ketilishining oldi olindi.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o’tamiz, joriy yilning o’tgan davri mobaynida respublikamiz bojxonachilari tomonidan aniqlangan 40 ta holatda 18.7 mln. qiymatdagi 50,2 ming dona sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari bo’lmagan turli hajmdagi disklarning noqonuniy olib o’tilishiga chek qo’yilgan.
Xo’sh, yuqoridagi qonunbuzarliklarni shunchaki sanab o’tishdan ko’zlangan maqsad nima? Sir emas, borgan sayin axborotlarning manbai ham, ko’lami ham ortib bormoqda. Tabiiyki, kimdir bundan ezgulik yo’lida, kimdir g’arazli manfaat yo’lida foydalanib qolishga intiladi. Axir, bugun ma’naviyatimizga putur yetkazuvchi va ba’zida behayo mazmundagi materiallarning elektron nusxalarda yoyilishida noqonuniy ravishda olib kirilayotgan disklarning hissasi yo’q deb o’ylaysizmi?
|
|