|
|
BOJXONA IMTIYOZLARI: Iqtisodiyotni mahalliylashtirishda ularning ulushi qanday?
20.05.2010 20:45
Prezidentimiz tashabbusi bilan sanoat kooperatsiyasi asosida mahalliy xomashyo negizida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarish bo’yicha Mahalliylashtirish dasturining joriy etilishi, shuningdek, Hukumatimiz tomonidan respublika iqtisodiyotini isloh qilish, xususan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo’llab quvvatlash, xalq xo’jaligining yetakchi sohalarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish borasida bir qator qarorlarning qabul qilinishi ichki bozorni import o’rnini bosuvchi mahsulotlar bilan to’ldirishga, qo’shimcha ish o’rinlarining yaratilishi va natijada aholi bandligini ta’minlashga, uning turmush darajasini ko’tarishga, mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilib kelmoqda.
Mazkur Dastur va qarorlar Davlat bojxona qo’mitasi zimmasiga ham bir qator vazifalarni yuklaydi. Jumladan, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash, investitsiya hamda maxalliylashtirish dasturlari doirasida olib kirilayotgan tovarlar importida bojxona to’lovlarini to’lashdan ozod qilish bo’yicha imtiyozlar berish, bojxona rasmiylashtiruvini o’tkazishda tezkorlikni ta’minlash, tadbirkorlarga doimiy ravishda amaliy yordam ko’rsatish va yaratilayotgan imkoniyatlarni tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari o’rtasida keng targ’ib qilish bojxonachilar faoliyatining asosiy yo’nalishlaridan biri hisoblanadi.
Masalan, sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi doirasida korxonalarga birgina 2010 yilning birinchi choragida 360,6 mln. so’m miqdorida imtiyozlar berilgan.
Bundan tashqari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlashni rag’batlantirishga oid qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi 2007 yil 14 martdagi PF-3860-sonli Farmoniga asosan O’zbekiston Respublikasi hududiga qonun hujjatlariga muvofiq tasdiqlanadigan ro’yxat bo’yicha olib kirilayotgan texnologik jihozlar, shuningdek butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlarga ham bojxona bojidan imtiyoz qo’llanilishi belgilangan.
Qolaversa, Adliya vazirligi tomonidan ham 2008 yil 3 mayda 1802-raqamli Ro’yxatda respublikamiz hududiga olib kirishda import bojxona boji va qo’shilgan qiymat solig’idan ozod qilinadigan texnologik jihozlar, butlovchi buyum va ehtiyot qismlar sanab o’tilgan. Davlat bojxona qo’mitasi ma’lumotlariga ko’ra, 2010 yilning I choragida mazkur ro’yxatga olingan texnologik jihozlar, butlovchi va ehtiyot qismlar importida 147,8 mlrd. so’m miqdorda bojxona to’lovlaridan imtiyozlar qo’llanilgan.
Bojxona to’lovlari bo’yicha berilgan imtiyozlarning tovarlar tasnifini o’rganar ekanmiz, ularning 23.5 % i “GM Uzbekistan” avtomobillari uchun butlovchi qismlarga, 18 % i texnologik asbob-uskunalarga, 9,2 % i chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning tovarlariga, 5,7 %i yog’och mahsulotlariga, 5,8 % i “O’zavtosanoat” korxonalari tomonidan olib kirilgan tovarlarga, 3,7 % i “O’zbekiston temir yo’llari” DAK tovarlariga, 3% i dori-darmon vositalariga to’g’ri keladi.
Bojxona to’lovlari bo’yicha imtiyozlarning joriy etilishida 2009 yil davomida Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan bir nechta qarorlar ham muhim asos bo’lib xizmat qilmoqda.
Masalan, 2009 yil 28 yanvaridagi PQ-1050 sonli “Mahalliy nooziq-ovqat iste’mol tovarlari ishlab chiqarish kengaytirilishini rag’batlantirish borasidagi qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi Qaror ham yuqoridagi fikrimizni oydinlashtiradi. Ushbu qarorining 3 bandiga asosan, 2012 yil 1 yanvargacha bo’lgan davrda nooziq-ovqat iste’mol tovarlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalarga bir qator soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferentsiyalari berildi.
Xususan, qarorda qayd etib o’tilgan ayrim nooziq-ovqat tovarlarining hajmi umumiy ishlab chiqarish hajmining kamida 60 foizini tashkil etadigan korxonalar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro’yxatlar bo’yicha import qilinadigan, nooziq-ovqat iste’mol tovarlari ishlab chiqarishda foydalaniladigan asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, respublikada ishlab chiqarilmaydigan xom ashyo hamda materiallar uchun bojxona to’lovlaridan ozod etildi. Shuningdek, nooziq-ovqat iste’mol tovarlarini o’zi uchun ishlab chiqarishda zarur bo’lgan xom ashyo, materiallar va furnituralarni import qilishda bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundan boshlab, bojxona to’lovlarining to’lash muddati 60 kungacha uzaytirildi.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, Davlat bojxona qo’mitasi ma’lumotlariga ko’ra, 2009 yil davomida bojxona to’lovlari bo’yicha berilgan imtiyozlar 2008 yilga nisbatan 2,1% ga ortgan.
Mazkur imtiyozlarning berilishi esa o’z o’rnida bo’shaydigan mablag’larni yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etishga, shuningdek faoliyat ko’rsatayotgan ishlab chiqarishlarni kengaytirishga, rekonstruktsiya qilish, modernizatsiyalashga, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlashga, sifatni boshqarish tizimini joriy etish, mahalliylashtiriladigan mahsulotlar ishlab chiqarish uchun zarur bo’lgan xom ashyo va materiallar sotib olishga, Mahalliylashtirish dasturini amalga oshirishga jalb qilingan korxonalarning muhandis-texnik xodimlarini rag’batlantirishga munosib ulush qo’shmoqda.
|
|