Tan olish kerak, odam savdosi degan jumla so’nggi paytlarda tez-tez tilga olinadigan bo’ldi. Go’yoki, tarixning quldorlik davri bosqichidan qaytib kelgan bu jirkanch illat XXI asrda yangi nom bilan qayta tirilayotgandek. Bosh Qomusimizda e’tirof etilganidek, inson shaxsi daxlsizdir. Ammo bilib-bilmay erkini, huquqini arzimas pul ilinjida o’zgalar ixtiyoriga topshirib qo’yayotgan, oqibatda bundan cheksiz aziyat chekayotganlar ham yo’q emas.
Respublikamizda odam savdosining oldini olish yuzasidan ishlab chiqilgan me’yoriy-huquqiy asoslarga binoan inson erkiga daxl qiluvchi ushbu jinoyatga qarshi keskin kurash olib borilmoqda. 2008 yilda «Odam savdosiga qarshi kurashish to’g’risida»gi, «BMTning 2000 yil 15 noyabrdagi Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konventsiyasini to’ldiruvchi Odam savdosining, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosining oldini olish hamda unga chek qo’yish va uning uchun jazolash haqidagi Protokolni ratifikatsiya qilish to’g’risida»gi qonunlar qabul qilindi. Prezidentimizning 2008 yil 8 iyuldagi «Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi 911- sonli Qarori asosida odam savdosiga qarshi kurashish bo’yicha respublika Idoralararo komissiyasi tuzildi.
Komissiya tarkibiga kiritilgan muhim davlat muassasalaridan biri Davlat bojxona qo’mitasi tomonidan ham odam savdosiga qarshi kurashish, bu illatning oldini olish, yurtdoshlarimizning firibgarlik tuzog’iga ilinib qolishlariga yo’l qo’ymaslik borasida sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yuqorida ta’kidlaganimiz, Prezidentimizning 2008 yil 8 iyuldagi “Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 911-sonli Qarori asosida ishlab chiqilgan 2008-2010 yillarga ko’zlangan Milliy Dasturga muvofiq Davlat bojxona qo’mitasi tomonidan ham buyruqlar, qo’shimcha chora-tadbirlar rejalari ishlab chiqilgan. Ular asosida bir qator maqsadli chora-tadbirlar muntazam o’tkazib kelinmoqda.
Mazkur yo’nalishdagi tadbirlarni bugungi kun talablari asosida amalga oshirishda Davlat bojxona qo’mitasining markaziy apparati hamda hududiy boshqarmalarida doimiy faoliyat olib boruvchi guruhlar tuzilgan. Ushbu guruhlar tomonidan odam savdosi bilan shug’ullanuvchi shaxslar, uyushgan jinoiy guruhlarni aniqlash, ularning noqonuniy faoliyatlari bo’yicha ma’lumotlar to’plash, tahlil qilish, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, shuningdek, mahalliy xokimiyat organlari bilan hamkorlikda tegishli tadbirlarni amalga oshirish borasida qator vazifalar bajarib kelinmoqda.
Asosan bojxona postlari xodimlari tomonidan chet mamlakatlarga ishlash uchun ketayotgan va ishlab qaytayotgan fuqarolar o’rtasida keng qamrovli surishtiruv va tushuntirish shaklida olib borilayotgan amaliy ishlar mazkur jinoyatning oldini olish va oqibatlarini kamaytirishda, uning har qanday ko’rinishlaridan fuqarolarimizni muhofaza qilishda muhim omil bo’lmoqda.
Raqamlarga murojaat etadigan bo’lsak, bojxona maskanlari orqali joriy yilning dastlabki yarmi davomida 300 mingga yaqin fuqarolar, xususan 38 mingdan oshiq ayollarimiz ishlash maqsadida chet davlatlarga chiqishgan. Ayniqsa, Xorazm (15%), Samarqand (13%), Andijon (13%) viloyatlarida fuqarolarning mehnat maqsadida respublikamizdan chiqishi ko’proq kuzatilgan. Ular asosan Rossiya (88,2 %) va Qozog’iston (7,4 %) davlatlariga yo’l olishadi va tabiiyki yurtdoshlarimizning odam savdosidan jabrlanish holatlari ham ko’proq mana shu davlatlarda kuzatilmoqda.

Bojxona chegaralari orqali xorijga yoki qo’shni davlatlarga chiqayotgan har bir fuqarodan og’zaki so’rovlar paytida safar maqsadi va xarakatlanish yo’nalishi haqida so’raladi. Modomiki, fuqaro ishga otlanayotgan bo’lsa, u holda mehnat shartnomasi, boshqa tegishli hujjatlar bor-yo’qligi, qanday tashkilot yoki guruh orqali ketayotganligi, borayotgan davlatdagi mehnat qonunchiligidan xabardorlik darajasi atroflicha surishtiriladi.
Afsuski, og’zaki so’rovlar jarayonida mehnat maqsadida chetga yo’l olgan, ammo o’z haq-huquqlarini to’la bilmaydigan, hattoki, tavakkalchilik bilan aniq bir maqsadsiz yo’lga chiqqan yurtdoshlarimiz ham uchrab turadi. Natijada, ular xorijiy davlatlarda osonlikcha uyushgan jinoiy guruhlar qo’liga tushib qolishlari va odam savdosining qurboniga aylanishlari mumkin.
Buning oldini olishda esa turli targ’ibot-tashviqot vositalari muhim rol tutadi. Shundan kelib chiqib Davlat bojxona qo’mitasi tomonidan odam savdosi, insonlarning huquq-erkinliklarini himoya qilish kabi masalalarni o’zida qamragan video roliklar tayyorlandi, jami 2 mingga yaqin 6 xil turdagi shior va bukletlar, 3 xil turdagi eslatma qo’llanmalar xarid qilindi. Ushbu targ’ibot vositalari, tarqatma materiallar mavjud barcha bojxona komplekslari hamda postlariga tarqatilib, doimiy ravishda devoriy ko’rgazmalar shaklida fuqarolar e’tiboriga havola qilib kelinmoqda.
Yurtdoshlarimizning odam savdosi qurboniga aylanib qolishining oldini olish, bunday salbiy holatlarga yo’l qo’ymaslik maqsadida boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamda hududiy bojxona boshqarmalari bilan o’zaro ma’lumotlar almashinuvi yo’lga qo’yilib, ular asosida tezkor tadbirlar muntazam o’tkazib kelinmoqda.
So’zimiz quruq bo’lmasin, keling, misollarga murojaat qilamiz. Yaqinda bojxonachilar tomonidan olingan ma’lumotlar asosida DBQ kontrabandaga qarshi kurashish Bosh boshqarmasi hamda Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari va shuningdek, aviatsiya prokuraturasi hamkorligida o’tkazilgan tezkor tadbir natijasida Buxoro shahrida yashovchi “M” va “K” ismli ayollar bir qancha qizlarning ishonchiga kirib, ularni aldov yo’li bilan Turkiyaga majburiy ravishda jo’natayotganlarida Toshkent halqaro aeroportida to’xtatib qolindi.
Alohida qayd etish joiz-ki, ayni paytda Davlat bojxona qo’mitasining markaziy apparati hamda hududiy bojxona boshqarmalarida ishonch telefonlari tashkil etilgan bo’lib, fuqarolarimiz istalgan vaqtda murojaat etishlari mumkin.
Odam savdosiga qarshi kurashishda nafaqat mutasaddi tashkilotlar, balki keng jamoatchilikning ishtiroki ham o’ta muhimdir. Shu bois Davlat bojxona qo’mitasi, «Istiqbolli avlod» Yoshlar axborot-ma’rifat Markazi va O’zbekiston “Mahalla” jamg’armasi Respublika boshqaruvi hamkorligida ishlab chiqilgan Qo’shma rejaga binoan mamlakatimiz chegaradosh tumanlari hududlarida joylashgan mahalalar aholisi o’rtasida “O’zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish va bojxona qonunchiligi buzilishining oldini olish» mavzusida keng qamrovli targ’ibot-tashviqot uchrashuvlarini yo’lga qo’ydi.

Uchrashuvlarda Davlat boxona qo’mitasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, odam sadovsiga qarshi kurashish, bojxona qonunchiligi buzilishining oldini olish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida, “Istiqbolli avlod” nodavlat notijorat tashkilotining O’zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish loyihasi bo’yicha amalga oshirilayotgan ishlari yuzasidan shuningdek, “Mahalla” jamg’armasi tomonidan odam savdosi jabrlanuvchilariga ijtimoiy yordam ko’rsatishda mahallalarning tutgan o’rni bo’yicha ko’rgazmali ma’ruzalar qilinmoqda.
Uchrashuvlar doirasida odam savdosiga qarshi kurashish va bojxona qonunchiligi buzilishining oldini olish haqida tayyorlangan video roliklar ham namoyish qilinmoqda. Qizg’in bahs-munozaralar bilan o’tayotgan uchrashuvlar so’nggida ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan mavzuga oid turli tarqatma materiallar taqdim etilmoqda.
Shu paytga qadar bu turdagi uchrashuvlar Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarining chegaradosh hududlardagi shahar va tumanlarida o’tkazildi. Qo’shma rejaga muvofiq hamkorlikdagi mazkur uchrashuvlar joriy yilning oxiriga qadar Andijon, Namangan va Farg’ona viloyatlarida ham o’tkaziladi.
Xulosa o’rnida aytish mumkinki, odam savdosiga qarshi kurashishda nafaqat mutasaddi tashkilotlar, mahalliy hokimiyat organlari, balki keng jamoatchilik, har birimizning ishtirokimiz juda muhimdir. Chunki, bu illatning domiga tushib, aziyat chekayotganlar ham sizu bizga begona emas, ular yaqinlarimiz – kimningdir otasi-akasi, kimningdir opasi-singlisidir.