Butunjahon Bojxona tashkiloti Bosh kotibi Kunio Mikuriya rasmiy tashrif bilan O’zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo’mitasiga keldi. Mazkur tashrif janob Kunio Mikuriyaning faxriy mehmon sifatida Toshkentda bo’lib o’tayotgan Osiyo taraqqiyot banki (OTB) boshqaruvchilar Kengashining 43-yillik majlisidagi ishtiroki doirasida bo’lib o’tmoqda.
Janob Mikuriya Butunjahon bojxona tashkilotining yaqin yillarga mo’ljallangan strategik maqsad va vazifalari to’g’risida Davlat bojxona qo’mitasi shaxsiy tarkibi oldida chiqish qilib, bojxona xizmati - qonuniy savdo aylanmasini tashkil etish, iqtisodiy taraqqiyot va xavfsizlikni ta’minlashda muhim rol o’ynashini alohida ta’kidlab o’tdi. Tadbir davomida janob Bosh kotib bojxona organlarida namunali xizmat ko’rsatgan bir guruh bojxona xodimlariga Butunjahon bojxona tashkiloti diplomlarini topshirdi.

Shuningdek, janob Mikuriya Davlat bojxona qo’mitasi tarkibiy tuzilmalari Oliy harbiy bojxona instituti va Milliy kinologiya markazi faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida ushbu muassasalarda ham bo’ldi. Muassasalar faoliyati bilan tanishgan kotib ularda o’z ishini puxta o’zlashtirgan yuqori malakali va kasbiga sodiq xodimlar borligiga hamda markazda barcha shart-sharoitlar mavjudligini ta’kidlar ekan bu borada O’zbekistonda samarali ishlar amalga oshirilganligiga yuqori baho berdi.
Oliy darajadagi mehmonning mamlakatimizga tashrifi mazkur xalqaro tashkilot bilan O’zbekiston o’rtasidagi o’zaro mustahkam hamkorlik aloqalari yo’lga qo’yilganligining yaqqol dalilidir. Bu Butunjahon bojxona tashkiloti (BBT) rahbarlarining mamlakatimizga birinchi tashrifi emas, 1997 yilda Jems Shaver rasmiy tashrif bilan O’zbekistonga kelgan, tashkilotning yana bir sobik rahbari Mishel Dane ham yurtimizda uch marotaba mehmon bo’lgan.
Shu o’rinda ta’kidlash joizki, mazkur tashriflar O’zbekiston Bojxona xizmati va BBT o’rtasidagi o’zaro hamkorlik aloqalarini mustakamlash va rivojlantirishga hissa qo’shgan.
Oliy darajada o’tkazilgan uchrashuvlarning samarasi sifatida Toshkentda o’tkazilgan bir qator tadbirlarni keltirishimiz mumkin:
- 1997 yilda Jems Shaver ishtirokida Markaziy Osiyo davlatlari bojxona xizmatlari rahbalari bilan o’tkazilgan mintaqaviy uchrashuv;
- 2002 yilda Mishel Dane ishtirokida “Buyuk ipak yo’li davlatlarida giyohvand moddalarning g’ayriqonuniy aylanishiga qarshi kurashish” mavzusida xalqaro konferentsiya (konferentsiya yakunida Toshkent Deklaratsiyasi imzolangan);
- 2004 yilda Yaponiya hukumati ko’magida bojxona protsedurasini soddalashtirish va uyg’unlashtirish bo’yicha qayta ishlab to’ldirilgan Xalqaro konventsiyani tanishtirish maqsadida tashkil etilgan mintaqaviy seminar (Kioto konventsiyasi)
- 2008 yilda Milliy kinologiya markaziga BBTning mintaqaviy o’quv markazi maqomini berish bo’yicha Davlat bojxona qo’mitasi va BBT o’rtasida anglashuv Memorandumi imzolanishi.
Bundan tashqari BBT ekspertlari ishtirokida O’zbekiston Bojxona xizmati xodimlari uchun sohaning turli masalalariga bag’ishlangan bir qator o’quv seminarlari o’tkazilgan.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda bojxona organlari tashkil etilayotgan vaqtda xalqaro tajriba zarurati borligi va bu jarayonda BBT tomonidan yordam ko’rsatilganligi ayni muddao edi. Bejizga BBT “Xalqaro bojxona tajriba markazi” deb atashmaydi. Tashkilotning bugungi kundagi faoliyati va unga a’zo davlatlar soni yildan-yilga ortib borishi (ayni paytda 176 ta davlat mazkur tashkilotga a’zo) yuqoridagi tavsifni tasdiqlaydi. O’zbekiston Respublikasi 1992 yilning 28 iyulida Bojxona hamkorligi Kengashi ta’sischilarining Konventsiyasiga qo’shilgan hamda Butunjahon bojxona tashkilotiga a’zo bo’lgan.