|
|
Avtobusdagi “bog’dorchilik”
20.04.2009 14:39
Erta bahorda meva-chevalar biroz tansiq bo’lib qoladi. Ularga bo’lganehtiyoj, talabdan esa ayrim kimsalar mo’may daromad orttirish ilinjida foydalanib qolishga urinishadi. Respublikamiz bojxonachilari esa bunday urinishlarni o’z vaqtida fosh etishmoqda.
Yaqinda Namangan viloyati bojxonachilari “Otoyo’l” rusumli avtobusni bojxona nazoratidan o’tkazishganda, unga tegishli hujjatlarsiz 5 tonnadan ortiq olma yuklanganini aniqlashdi. 465 dona qog’oz qutilarga joylangan ushbu mevalarning umumiy qiymati 6 million so’mdan ortiq bo’lib, ular Sh.Dadajonov va B.Mirzaevlarga tegishli ekan.
Farg’ona tumanidagi aylanma yo’llarda “ZIL” yuk avtomashinasi manziliga yetib borolmadi. Chunki, fuqaro A.Ahmadqulov ushbu avtomashinada salkam 9 tonna bananni yurtimizga noqonuniy ravishda olib kirishga uringan ekan.
Fuqaro A.Qahhorov boshqaruvidagi “ISUZU” rusumli avtomashinada qiymati qariyb 6.5 million so’mlik salkam 4 tonna olma va 1 tonnadan ziyod nok tegishli hujjatlarsiz olib ketilayotganligini farg’onalik bojxonachilar fosh etishdi.
Viloyat bojxonachilari boshqa bir “ISUZU”da qiymati salkam 7,5 million so’mlik, og’irligi 5 tonnadan ortiq nok fuqaro R.Kamolova tomonidan hech qanday hujjatlarsiz olib ketilayotganligini aniqlashdi.
“Setra” avtobusini bojxona nazoratidan o’tkazishgan navoiylik bojxonachilar ham yirik miqdordagi banan kontrabandasiga chek qo’yishdi. Chunki, avtobusda 2 tonnadan ortiq banan tegishli hujjatlarsiz olib ketilayotgan edi. Surishtiruvlar natijasida, qiymati salkam 7 million so’mlik ushbu qishloq xo’jalik mahsulotlari xorazmlik Sh.Ibragimovga tegishli ekanligi ayon bo’ldi.
Yana ikkita “Setra” avtobuslari ham Navoiy viloyati bojxona postlarida “uzoq” turib qoldi. Sababi, ularga ortilgan 10 million so’mdan oshiq qiymatdagi qariyb 4.5 tonna olma va nok tegishli hujjatlarsiz olib ketilayotgan ekan.
Andijonlik bojxonachilar ham qo’shni respublikaga tutash aylanma yo’llarda “izg’ib” yurgan “Ford” mikroavtobusini bojxona nazoratidan o’tkazishdi. Ma’lum bo’lishicha, fuqaro A.Qodirov qiymati 2 million so’mga yaqin bo’lgan, salkam 1,6 tonna olmani noqonuniy ravishda yurtimizga olib kirishga uringan ekan.
Ta’kidlash joizki, joriy yil boshidan bo’yon respublikamiz bojxonachilari tomonidan qishloq xo’jaligi mahsulotlari kontrabandasiga oid 686 ta qonunbuzarlik holatlari aniqlanib, qariyb 1 milliard 304 million so’mlik salkam 1174 tonna mahsulotlarning noqonuniy olib o’tilishiga chek qo’yildi.
|
|