![]() |
Davlat Madhiyasi | 6 sentabr 2010 | Ðóññêèé | Bosh sahifa | Manzilimiz |
|
O`zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasi
|
|
2010 yil - "Barkamol avlod yili"
Barkamol avlod – buyuk kelajak vorislari
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida «Barkamol avlod – buyuk kelajak vorislari» mavzuida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
«Barkamol avlod yili» Davlat dasturi doirasida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi, Sog‘liqni saqlash, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, «Tasviriy oyina» ijodiy uyushmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va poytaxtimiz xotin-qizlar qo‘mitalarining raislari, mahallalardagi diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar, sport murabbiylari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari A.Komilov, «Mahalla» jamg‘armasi raisi o‘rinbosari G.Yo‘lchiyeva va boshqalar mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida qizlarni sportga keng jalb etish, ayollar salomatligini mustahkamlash, jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini mustahkam qaror toptirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani yuksak samara berayotganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining 2004 yil 25 mayda qabul qilingan «O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bu borada muhim dasturilmal bo‘layotir. «Barkamol avlod yili» Davlat dasturida yosh avlodni jismonan chiniqtirish, bolalar sportini rivojlantirish sohasidagi ishlarni takomillashtirish, yoshlarni sport bilan shug‘ullanishga keng jalb etish muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi bir qator jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda o‘quvchi-yoshlar, talabalar, xotin-qizlar ishtirokida sport musobaqalari, marafonlar, spartakiadalar, sog‘lomlashtirish loyihalari, oilaviy turnirlarni muntazam o‘tkazib kelmoqda. Ayni paytda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida faoliyat ko‘rsatayotgan ayollar sportini rivojlantirish fakulteti malakali sport murabbiyalarini tayyorlashga xizmat qilayotir. – Qizlarni sportga keng jalb etish xalqaro musobaqalar, olimpiadalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya etishga qodir sportchi qizlarni tayyorlash barobarida bo‘lajak onalarning salomatligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda, – deydi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti professori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport murabbiysi Klara Shokirjonova. – Mazkur konferensiya sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda oila, ta’lim dargohlari, mahalla, xotin-qizlar qo‘mitalari o‘rtasidagi uzviy hamkorlikni yanada mustahkamlash, ushbu yo‘nalishdagi amaliy chora-tadbirlarni belgilab olishda muhim ahamiyatga ega. Konferensiyada sport bilan shug‘ullanishning bolalar salomatligiga ta’siri, shaxs tafakkurini shakllantirishda sportning ahamiyati, sport kardiologiyasida metabolik davolash imkoniyatlari kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi va muhokama etildi. Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F.Akbarova so‘zga chiqdi. O‘zA, Nazokat Usmonova, 04.06.2010 09:29
Farzandlari sog‘lom yurt Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yosh avlodni jismonan va ma’nan yetuk, zamon talablariga mos intellektual salohiyatli kadrlar etib tarbiyalash borasida izchil amalga oshirilayotan keng ko‘lamli tadbirlar yuksak samaralar bermoqda. Bunda bolalarni yoz mavsumida sog‘lomlashtirish va dam oldirish, ularning bo‘sh vaqtini unumli va mazmunli tashkil etish muhim ahamiyatga ega.
Bolalarni sog‘lomlashtirish va dam oldirish bo‘yicha respublika doimiy komissiyasi raisi o‘rinbosari Ozoda Muhiddinova O‘zA muxbiriga mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida quyidagilarni gapirib berdi: – Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar negizida, avvalo, hech kimdan kam bo‘lmagan, sog‘lom avlodni kamolga yetkazishdek ezgu maqsadlar mujassam. Joriy yilda yurtimizdagi 812 bolalar oromgohida 245 ming nafar o‘g‘il-qizning dam olishi rejalashtirilgan. Bu maskanlarning 231 tasi statsionar turda bo‘lsa, 581 tasi kunduzgi maktablar qoshida faoliyat ko‘rsatadi. Yozgi mavsumda dam oladigan bolalarning yarmidan ko‘pi kam ta’minlangan, ko‘p bolali, yolg‘iz oilalar farzandlaridan, 2 ming nafari esa Mehribonlik uylari, maxsus maktab-internatlar tarbiyalanuvchilaridan iborat bo‘ladi. Shuningdek, bu yil ham Orolbo‘yi mintaqasidan keladigan 3 ming nafar o‘g‘il-qiz Toshkent shahri va viloyatidagi eng so‘lim, bahavo oromgohlarda bepul sog‘lomlashtiriladi. Ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbari tomonidan farzandlarimizning yozgi sog‘lomlashtirish mavsumini zamon talablari darajasida tashkil etishga qaratilayotgan e’tibor o‘zining yuksak samaralarini bermoqda. Buni barcha oromgohlarda elektr quvvati, tabiiy gaz, suv, telefon, kommunal-maishiy xizmatlar hamda avtotransport xizmatlari uchun tarif to‘lovining imtiyozli ravishda 50 foiz etib belgilanganida ham ko‘rish mumkin. Ta’til davrida ular sifatli go‘sht, konserva, un, shakar, guruch kabi oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘liq ta’minlanadi. E’tiborlisi, bugun oromgohlar yaqin atrofdagi fermer xo‘jaliklari bilan shartnoma imzolamoqda. Bu esa o‘g‘il-qizlarimizga eng sifatli, sarxil oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishga xizmat qiladi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi, «Dori-darmon» kompaniyasi bilan hamkorlikda barcha oromgohlarda bepul tibbiy xizmat yo‘lga qo‘yildi. Ular yetarli miqdorda dori-darmon, zarur tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi. Bolalarni hamda oromgohlarda faoliyat yuritayotgan xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ichimlik suvi va oziq-ovqat mahsulotlarining sifati muntazam nazoratga olindi. Barcha oromgohlarda «Tez yordam» ko‘rsatish mashinalarining navbatchiligi tashkil qilindi. Bolalarni dam olish maskanlariga olib borib va olib kelish faqat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati kuzatuvida amalga oshiriladi, o‘g‘il-qizlar joylashgan maskanlarda jamoat tartibi o‘rnatiladi. Oromgohlarga olib boradigan barcha yo‘llar to‘liq ta’mirlangan. Mazkur mavsumda asosiy e’tibor bolalarni oromgohlarga ko‘proq jalb qilish, xavfsizligini ta’minlash, ular o‘rtasida madaniy-ma’rifiy, sport tadbirlarini o‘tkazish, tarbiyaviy ishlarni yo‘lga qo‘yishga qaratiladi. Barcha oromgohlarda ma’naviyat va ma’rifat, kompyuter xonalari, kutubxonalar, turli to‘garaklar tashkil qilinadi. Badiiy havaskorlik jamoalari, teatrlar ishtirokida tadbirlar, san’atkorlar, yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlar, rasmlar ko‘rgazmasi, tarixiy obidalarga sayohatlar uyushtiriladi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, biz yashayotgan XXI asrda ilm-fan, intellektual salohiyat taraqqiyot mezoniga aylanib, tobora yuksak bosqichga chiqmoqda. Zero, kelajagimiz poydevori bilim dargohlarida yaratiladi. Boshqacha aytganda, xalqimizning ertangi kuni qanday bo‘lishi farzandlarimizning bugun qanday ta’lim-tarbiya olishiga bog‘liq. Shularni inobatga olgan holda ushbu mavsumda ham oromgohlarda ishlash istagini bildirgan yuksak ijodiy-intellektual salohiyatli pedagog kadrlar tanlov asosida saralab olingan. Tarbiya jarayoniga eng ilg‘or pedagogik texnologiyalar va interfaol usullar joriy etiladi. Yoshlarning ongi va qalbini diniy ekstremistik ta’sirlardan, giyohvandlik, OITS kabi illatlardan, “ommaviy madaniyat” xurujlaridan himoya qilishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, «farzandlarimizni ona Vatanga muhabbat, boy tariximizga, ota-bobolarimizning muqaddas diniga sadoqat ruhida tarbiyalash uchun, ta’bir joiz bo‘lsa, avvalo, ularning qalbi va ongida mafkuraviy immunitetni kuchaytirishimiz zarur. Toki yoshlarimiz milliy o‘zligini, shu bilan birga, dunyoni chuqur anglaydigan, zamon bilan barobar qadam tashlaydigan insonlar bo‘lib yetishsin». Shu maqsadda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan hamma oromgohlarga «Yoshlar – kelajagimiz», «Sog‘lom turmush – millat boyligi» singari tarbiyaviy va ma’rifiy mavzulardagi badiiy, hujjatli filmlardan iborat DVD disklar va banerlar tarqatildi. Bolalar o‘rtasida «Ma’naviyat kechasi», «Quvnoqlar va zukkolar», «Nima? Qachon? Qayerda?» singari viktorinalar, «Bo‘lg‘usi muhandis», «Men askar bo‘laman» kabi kasbga yo‘naltiruvchi va «Eng yaxshi kitobxon», «Eng yaxshi rassom» singari ijodiy imkoniyatlarni rag‘batlantiruvchi tanlovlar, «Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir», «Ogohlik burchi, hushyorlik mas’uliyati» mavzularidagi ma’rifiy dasturlar, mushoiralar, davra suhbatlari tashkil etiladi. Yozgi ta’til haqida gap borarkan, mavsumda turli sport musobaqalariga alohida e’tibor qaratilishini ta’kidlash lozim. Bu borada «Kim epchilu, kim chaqqon?», «Balli, yigitlar» singari sport musobaqalari, turli jamoalar va oromgohlar o‘rtasidagi spartakiadalarni o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu yosh avlodni ham jismonan, ham ma’nan chiniqtirishga xizmat qiladi. Birinchi iyundan yurtimizdagi 150 ga yaqin oromgohlar joriy mavsumni boshladi. Ularda 10600 nafardan ortiq o‘g‘il-qiz hordiq chiqarmoqda. Ob-havo sharoitiga qarab, qolgan dam olish maskanlari ham birin-ketin bolalarni qabul qiladi. Bularning barchasi mamlakatimizda yosh avlodni hech kimdan kam bo‘lmagan barkamol insonlar etib tarbiyalash yo‘lida amalga oshirilayotgan izchil, tizimli va keng ko‘lamli islohotlarning, yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaldagi ifodasidir. O‘zA, Umid Yoqubov, 04.06.2010 16:54
Iste’dodlar – hamisha yurt ardog‘ida
Poytaxtimizda V.Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi o‘quvchilarining konserti bo‘lib o‘tdi.
“Barkamol avlod yili” Davlat dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan konsertga o‘quvchi-yoshlar, ota-onalar, o‘qituvchilar, yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan diplomatik korpus vakillari taklif etildi. Davlatimiz rahbarining 2008 yil 8 iyulda qabul qilingan “Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009-2014 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga binoan mazkur akademik litseyda ham iste’dodli yoshlarni tarbiyalash, milliy va jahon san’ati durdonalaridan bahramand etish, pedagoglarning kasb mahoratini yuksaltirish yuzasidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasida litseyning iste’dodli o‘quvchilari nufuzli xalqaro ko‘rik-tanlovlar, ijodiy festivallar, konsertlarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda. Konsertda o‘zbek va jahon bastakorlarining asarlari ijro etildi. O‘zA, Nazokat Usmonova, 05.06.2010 09:10
“Barkamol avlod yili” Davlat dasturi to‘g‘risida” 27.01.2010
Mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarning o‘z ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishi, mamlakatimiz yigit-qizlarini XXI asr talablariga to‘liq javob beradigan har tomonlama rivojlangan shaxslar etib voyaga yetkazish uchun zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli aniq yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida 2010 yilning “Barkamol avlod yili” deb e’lon qilingani munosabati bilan: 1. “Barkamol avlod yili” Davlat dasturi tasdiqlansin. Unda quyidagilar asosiy vazifalar etib belgilansin: bolalar va yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga, ularni barkamol rivojlantirishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, amaldagi qonunchilik hamda me’yoriy hujjatlarga zamon talablariga mos o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish; “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” dasturini izchil amalga oshirish asosida sog‘lom avlodni voyaga yetkazish borasidagi chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish, onalar va bolalarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish, profilaktikaga asoslangan sog‘liqni saqlash tizimini ustuvor rivojlantirish, tibbiy xizmat moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, sog‘lom bolalar tug‘ilishi va ularni tarbiyalash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan aholi o‘rtasida tushuntirish hamda maslahat ishlarini kuchaytirish; tayyorlanayotgan mutaxassislarga real iqtisodiyot tarmoqlari va sohalaridagi mavjud talabga alohida e’tibor qaratgan holda, o‘sib kelayotgan yosh avlodga ta’lim va tarbiya berish sohasidagi moddiy-texnika bazani yanada mustahkamlash, undan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash, davlat ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy adabiyotlarni takomillashtirish; ta’lim jarayoniga yangi axborot-kommunikatsiya va pedagogik texnologiyalarni, elektron darsliklar, multimedia vositalarini keng joriy etish orqali mamlakatimiz maktablarida, kasb-hunar kollejlari, litseylari va oliy o‘quv yurtlarida o‘qitish sifatini tubdan yaxshilash, ta’lim muassasalarining o‘quv-laboratoriya bazasini zamonaviy turdagi o‘quv va laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi bilan mustahkamlash, shuningdek, o‘qituvchilar va murabbiylar mehnatini moddiy hamda ma’naviy rag‘batlantirish bo‘yicha samarali tizimni yanada rivojlantirish; zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, raqamli va keng formatli telekommunikatsiya aloqa vositalari hamda Internet tizimini yanada rivojlantirish, ularni har bir oila hayotiga joriy etish va keng o‘zlashtirish; yosh avlodni jismonan barkamol etib tarbiyalash, bolalar sportini rivojlantirish sohasida, yoshlarni, ayniqsa, qishloq qizlarini sport bilan muntazam shug‘ullanishga keng jalb etish, yangi sport majmualarini, stadionlar va inshootlarni qurish, ularni zamonaviy sport anjomlari va jihozlari bilan ta’minlash, yuqori malakali ustoz va murabbiylar bilan mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni izchil kuchaytirish; iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirishning muhim yo‘nalishi, aholi va o‘rta sinf mulkdorlari daromadlarini shakllantirish asosi bo‘lgan kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni yanada rag‘batlantirish, bu sohadagi mavjud muammolarni hal etish, yoshlar, avvalambor, kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini, ayniqsa, qishloq joylarda tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish uchun sharoit yaratish; ilm-fanni yanada rivojlantirish, iqtidorli va qobiliyatli yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish, ularning o‘z ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoit yaratishga doir kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish; yosh oilalarga g‘amxo‘rlik qilish ishlarini kuchaytirish, ularni huquqiy va ijtimoiy muhofaza qilishni ta’minlash, jismonan va har tomonlama rivojlangan barkamol avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar hamda Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash borasida jamiyatning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan sog‘lom va mustahkam oilani shakllantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish; yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularni ichkilikbozlik va giyohvandlik illatlaridan, boshqa turli halokatli tahdidlar hamda biz uchun yot bo‘lgan diniy va ekstremistik ta’sirlardan, tuban “ommaviy madaniyat” xurujlaridan himoya qilishga doir kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish. 2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 9 dekabrdagi 3329-farmoyishiga binoan tuzilgan Respublika komissiyasiga “Barkamol avlod yili” Davlat dasturi bajarilishini tashkil etish va uning ijrosi monitoringini amalga oshirish vazifasi yuklansin. 3. “Barkamol avlod yili” Davlat dasturini amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasi (SH.M.Mirziyoyev): ikki hafta muddatda vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, jamoat tashkilotlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan har bir vazirlik, idora, mintaqa, shahar, tuman va aholi punkti bo‘yicha hududlar hamda tarmoqlarga oid “Barkamol avlod yili” dasturlari ishlab chiqilishi va qabul qilinishini ta’minlasin; mazkur Dasturning bo‘limlari va bandlarini davlat hamda xo‘jalik boshqaruvi respublika organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar darajasida to‘liq va o‘z vaqtida bajarish ishlarini muvofiqlashtirsin, Dasturga kiritilgan tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatsin; O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoniga har chorak yakuni bo‘yicha “Barkamol avlod yili” Davlat dasturida tasdiqlangan tadbirlarning bajarilishi to‘g‘risida axborot taqdim etsin. 4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (SH.M.Mirziyoyev) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tumanlar (shaharlar)da Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va tegishli hududlar hokimlari rahbarligida Dasturni amalga oshirish bo‘yicha tegishli komissiyalar tashkil etilishini ta’minlasin, ularning zimmasiga Dasturda ko‘zda tutilgan tadbirlarni so‘zsiz va to‘liq amalga oshirish bo‘yicha shaxsiy javobgarlik yuklasin. 5. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalari: aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida “Barkamol avlod yili” Davlat dasturining maqsad va vazifalarini keng tushuntirish; Dasturning amalga oshirilishi to‘g‘risida muntazam axborot berib borish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, joylardagi davlat hokimiyati organlari, jamoat va nohukumat tashkilotlarning Dasturda ko‘zda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shgan amaliy hissasini yoritishni ta’minlasin. 6. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri SH.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov
|
| Barcha huquqlar himoyalangan. O'zR DBQ. © 2006 - 2007 Web-sahifa "Sim-Aloqa" tashkiloti tomonidan yaratilgan |